Jahon | 13:53 / 26.10.2023
12076
4 daqiqa o‘qiladi

Istanbul ichimlik suvisiz qolish xavfi ostida

Turkiyaning eng yirik shahri — Istanbulda ikki oyga yetarli ichimlik suv qoldi. Yog‘inli kunlar tezroq boshlanmasa, vaziyat tahlikali tus olishi mumkin. Istanbulda suv qanaqasiga muammo bo‘lishi mumkin, shahar o‘rtasidan Bosfor bo‘g‘ozi o‘tadi-ku, deyishga shoshilmang. Gap ichimlik suvi haqida bormoqda va dengizning sho‘r suvi iste’molga yaroqsiz ekanini unutmasligimiz kerak.

Turkiya aholisining beshdan bir qismi — 16 milliondan ko‘p aholi istiqomat qiluvchi qadimiy Istanbul suv omborlaridagi chuchuk suv zaxirasi 20,6 foizgacha qisqargan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu hajmdagi suv shaharni yana ikki oygina ta’minlab bera oladi.

Istanbul suv resurslari va kanalizatsiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyidan buyon chuchuk suv zaxiralari 48,5 foizdan hozirgi 20,6 foizgacha kamaygan. Ayni paytda suv omborlaridagi suv hajmi 180 million metr kubgacha qisqargan. Holbuki, suv omborlari 868 million metr kub suvni sig‘dira oladi.

Jurnalistlarning hisob-kitobiga ko‘ra, 16 millionlik shahar kuniga 3,1 million metr kub suv iste’mol qiladi. Agar yetarli miqdorda yog‘in yog‘masa, ikki oy ichida suv zaxiralari tugab bitadi.

Istanbul suv omborlarida suv zaxirasi kamaymoqda. Foto: campaigntr.com

Bunday ko‘rsatkich 2014 yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘shanda vaziyat bugungidan ham og‘irroq edi — suv omborlaridagi zaxira 17 foizgacha tushib ketgan edi. So‘nggi 8 yilda suv omborlaridagi zaxiralar hech qachon 25 foizdan kamaymagan edi.

Hozirga kelib sinoptiklar uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik, ayniqsa buning oqibatida kelib chiqqan o‘rmon yong‘inlaridan so‘ng Turkiyaning katta qismini favqulodda vaziyat hududi deb e’lon qilgan. Jumladan, Istanbul joylashgan g‘arbiy qism ham eng quruq va issiq yozni o‘tkazdi.

Grafika Foto: haberglobal.com.tr

Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharni suv bilan ta’minlovchi 10 ta yirik suv omborlaridan teng yarmida suv sathi keskin tushib ketgan. Qolgan suvning katta qismi uchta suv ombori — O‘merli, Darliq va Terkos suv omborlariga to‘g‘ri keladi.

O‘merli va Darliq suv ombori.
O‘merli va Darliq suv ombori.

Boz ustiga, sentabr oyi boshlaridan buyon Istanbul hokimiyati suvni iqtisod qilish uchun xususiy parklar va bog‘larni sug‘orishda suvdan foydalanishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilishgan.

Istanbul shahri hokimi Akrom Imomo‘g‘li ham shahar aholisiga suvni iqtisod qilishni so‘rab murojaat qilgan.

Qayd etib o‘tish kerak, istanbulliklar sovuq suv uchun 1 metr kubiga tumanga qarab 5 liradan 8 liragacha haq to‘lashadi. Bu bizning pulga 2150 so‘mdan 3450 so‘mgacha degani.

P.S. Meteoprognozlarga ko‘ra 26 oktyabrda Istanbul, Kojaeli, Bursa, Tekirdag‘ shaharlari va atrof tumanlarda yomg‘irlar kutilmoqda. Bu vaziyatni biroz yumshatishi mumkin.

Mavzuga oid