O‘zbekiston | 22:40 / 26.10.2023
9170
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident elektr energiyasi tariflarini belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etishga chaqirdi 

Shavkat Mirziyoyev huzurida 26 oktyabr kuni energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. 

Qayd qilinishicha, 2026 yilga borib, elektr energiyasi sohasida talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi. Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi bo‘g‘iniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarur. 

Ko‘plab davlatlarda bu islohotlar uchun 15 yil vaqt ketgan. O‘zbekiston buni uch bosqichda, 2030 yilgacha yakunlashni rejalashtirgan. Shu bois, prezident farmoniga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatildi. 

Taqdimotda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va sohadagi rejalar haqida axborot berdi. 

Davlat rahbari mutasaddilarga respublikani elektr bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Bunda, erkin energetika bozoriga o‘tishning asosiy sharti mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq ta’minlash uchun yetarli generatsiya quvvatlarini yaratish ekani alohida ko‘rsatib o‘tildi. 

Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024 yil yakuniga qadar uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. 

Prezident energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etish shartligini ta’kidladi. 

Yangi tizim samarali ishlashi uchun uchta yo‘nalish – kadrlar tayyorlash, tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini ta’minlash va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bunday kompleks ishlash tartibini markazdan tortib hududlargacha tatbiq etish topshirildi. 

Shu bois agentlikka bilimli mutaxassis va xorijiy konsultantlar ishga olinadi. Xodimlar Ispaniya, Xitoy, Turkiya va Germaniyaga malaka oshirishga yuboriladi. Xorijiy tajriba asosida yurtimizda ham muhandis, dispetcher, SCADA operatori va boshqa mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil qilinadi.

Mavzuga oid