“Hizbulloh aralashsa, urush mintaqaviy tus olishi mumkin” - ekspert
Livandagi Hizbulloh harakati Isroildan G‘azoni bombardimon qilishni to‘xtatishni talab qilib, aks holda yahudiylar davlatiga hujum qilishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda. Xo‘sh, qator davlatlar terrorchi deb hisoblaydigan bu tashkilotning harbiy salohiyati qanaqa, qo‘llovchilari kim? Ularning urushga qo‘shilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida shu kabi savollarga siyosiy tahlilchi Farhod Karimovdan javob oldi.
— Hizbulloh o‘zi qanday guruh yoki tashkilot?
— Hizbulloh – dunyoda o‘z qo‘shini, infratuzilma va moliyasiga ega bo‘lgan yagona siyosiy partiya hisoblanadi. 1947 yilda BMTning Isroil masalasida rezolyutsiyasi qabul qilingach, arab davlatlari va Isroil o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ladi, bu urushlarda arablar mag‘lub bo‘lgan. Shunday bir holatda 1978 yilda butun arab dunyosi Misr vakilligida Isroil bilan to‘qnashuvlarni to‘xtatadi va ortga chekinadi. Natijada butun arab dunyosidagi odamlar norozi bo‘ladi. Shundan keyin arab jamiyatlarida Isroilga qarshi ijtimoiy-siyosiy guruhlar shakllanadi, shulardan biri – Hizbulloh.
1978 yilda Eronda Islom inqilobi bo‘lgach, mintaqadagi shiaviy guruhlarga katta ta’sir qiladi, ya’ni ular bundan ruhlanadi. Livanda o‘sha paytda yaxshi inklyuziv hukumat shakllangan, shularning orasida shialar guruhi ham bor edi. Eronning qo‘llovi bilan ular har tomonlama kuchayadi va shialarning siyosiy harakati shakllanadi. Talabalarning, boshqa guruhlarning harakatlari ham birlashib, 1982 yilda Hizbulloh vujudga keladi.
Bu tashkilotning asosiy moliyalashtiruvchisi, harbiy qo‘llovchisi Eron hisoblanadi, yashirilmaydi bu, Eronning tashqi siyosiy konsepsiyalarida ham belgilangan. Tashkilot Isroilga qarshi vosita sifatida tashkil etiladi, boshida siyosiy bo‘lmaydi, faqat harakat, harbiy kuch sifatida bo‘ladi. 1992 yilda Livanda siyosiy partiya sifatida tan olinadi va Husan Nasrullo rahbar etib tayinlanadi (u hozirgacha Hizbullohni boshqarib kelmoqda). Shundan keyin strukturaga ega bo‘lgan, tizimli tashkilot sifatida faoliyat olib boryapti.
Hizbulloh 1993 yilda Livanda parlament saylovlarida ishtirok etib, 12 ta o‘rinli fraksiyaga ega bo‘ladi. Isroil arablar bilan so‘nggi to‘qnashuvlardan keyin ancha yerini kengaytirgan. Livanning ham janubiy hududlari Isroil nazoratiga o‘tgan edi. 2000 yilda Isroil bu hududlardan chiqib ketgach, qayta bunday holat bo‘lmasligi uchun bu hudud Hizbulloh harbiylariga topshiriladi. Hozir o‘sha yerlarni qo‘riqlayotgan, nazorat qilayotgan Hizbulloh bo‘ladi.
— Suriya inqirozida Hizbullohning o‘rni katta bo‘ldi. Ya’ni uning homiysi faqatgina Eronmi, yo yana boshqa kuchlar ham bormi? Hizbullohning tarkibida qancha a’zolar, qancha harbiylar bor?
— Umumiy mintaqadagi shia kuchlari Hizbullohni qo‘llaydi. Davlat sifatida Asad boshchiligidagi Suriya ham qo‘llaydi. Chunki ularda umumiy shialik omili bor. Aslida Suriyaning katta qismi sunniylar, lekin hokimiyat temasida shialar. Suriyada IShIDga qarshi janglarda Hizbulloh ishtiroki rasman aytilmasa-da, ko‘pchilikka ma’lum edi. O‘z navbatida, Suriyaning qo‘llovini hamma biladi, faqat rasmiy aks etmaydi.
Hozirgi kunda Livan parlamentidagi 128 ta o‘rindan 61 tasi Hizbulloh fraksiyasi. Bu degani yildan yilga qo‘llovchilar ko‘paymoqda, sunniylar ham qo‘llayapti hatto. Chunki amalda umumiy dushmani bo‘lmish Isroilga qarshi kurashlarda tashkilot o‘zini oqlagan, shuning uchun ijtimoiy siyosatda ishtiroki kuchaygan. Hizbullohning o‘zining kasalxonalari, maktablari, boshqa ta’lim muassasalari bor.
BMT tahliliy markazlarining ma’lumotiga ko‘ra, Hizbullohning doimiy harbiylari 7 mingtani tashkil qiladi. Umumiy zaxiradagi kuchlar 50 mingga yaqin deyiladi. Boshqa partiyalarda bunday imkoniyatlar va ko‘lam yo‘q. Hizbullohning ko‘plab harbiy harakatlardagi ishtiroki sabab ba’zi davlatlar uni terroristik tashkilot sifatida ko‘radi.
— Hizbullohning harakatlari faqat Yaqin Sharqdami yoki boshqa mintaqalarda ham ko‘rish mumkinmi?
— Hizbulloh – katta budjetga ega tashkilot. O‘tgan asrning 80-90-yillarida Livanda AQSh va Fransiya harbiylariga qarshi katta kurash olib borgan, katta portlashlarni ham amalga oshirgan. Shundan keyin AQSh va Yevropa davlatlari terroristik tashkilot sifatida ko‘ra boshlagan. Tashkilot Yaqin Sharqdan AQSh va G‘arb kuchlarini butunlay yo‘q qilish, ta’siridan ozod etishni maqsad qilib olgan. Shu ma’noda Hizbulloh faqat mintaqada faoliyat olib bormaydi. Butun dunyo bo‘ylab shia jamoalari bor joylarda Hizbulloh qo‘llab-quvvatlovga ega. Hatto Kubada ularning vakolatxonasi bor. Argentina, Braziliya kabi davlatlarda ham ularni qo‘llovchilar mavjud.
— HAMAS-Isroil urushi doirasida Hizbulloh haqida ham gaplar bo‘lyapti. Livanga Isroilning zarba bergani, Hizbullohning javobi haqida xabarlar bo‘lib turibdi. HAMAS va Hizbulloh o‘rtasidagi bog‘liqlik va ularning o‘zaro ta’siri qanday?
— Bu ikki tashkilot doim Isroil masalasida hamkor bo‘lgan. Hizbulloh oldingi davrlarda HAMASga ko‘p yordam bergan, o‘z askarlarini bergan degan gaplar ham bor. Bugungi kunda ham HAMASni asosiy amaliy qo‘llovchi Hizbulloh hisoblanadi, chunki ularning umumiy maqsadi bitta.
Janubiy Livandan Isroil chiqib ketgach, bu hududda katta raketa tizimi qolgandi. Turli xil 15 mingdan ortiq raketalar bo‘lgan. Shulardan bir marta Isroilga qarshi foydalangan edi. HAMASga ham raketalar beramiz degan bayonotlar bor. Ko‘rinib turibdiki, mintaqada HAMASni eng ko‘p qo‘llovchi tashkilot Hizbulloh hisoblanadi. Albatta, bu ishni Eron va Suriya bilan maslahatlashgan holda qiladi.
Hizbulloh 7 oktyabr kungi HAMAS tomonidan raketa uchirilishiga aloqasi yo‘qligini aytdi, lekin baribir umumiy qo‘llab-quvvatlash bor. HAMASning harakatlarini yoqlayapti va bu mojaroga aralashishi mumkinligi haqida ham bayonot berdi.
— Agar urushga Hizbulloh aralashsa, Isroil Livan davlatining o‘zini ham nishonga olmaydimi?
— Isroil doimiy ravishda terrorchilarga qarshi kurashish vaji bilan Livan hududlariga zarba berib keladi. Nafaqat Livan, Iordaniya va Suriyaga ham shunday. Agar Hizbulloh armiyasi urushga kirsa, Isroil Livanga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilishi ham mumkin, kutsa bo‘ladi. Lekin hozir asosiy e’tibori G‘azoga qaratilgan. Ikki tomondan front ochish Isroil uchun xavfli, chunki Hizbulloh HAMASdan ancha kuchli hisoblanadi. Uning doimiy jangchilari, Eron va Suriya tomonidan berilgan katta harbiy qurollari bor, ancha kuchli zarba beroladi. Isroil ikki tomonlama jangga kirishi juda xavfli.
Bundan tashqari, HAMASning ortida xalqaro maydonda aniq bir qo‘llovchilari yo‘q, lekin Hizbullohning ortida Eron, Suriya turibdi. Katta mojaroga aylanib ketishi mumkin bu. Shu nuqtayi nazardan Hizbulloh hali faol aralashmay turibdi. Eron roziligisiz qo‘shilolmaydi. Eronning vaziyatga aralashuvi global miqyosda muammo keltirib chiqaradi. NATO va boshqa kuchlar Eronga zarba berishi ham mumkin. Bu narsalarni ular yaxshi bilib turibdi.
Umuman, bugun Yaqin Sharqda yangi geosiyosiy xaritalar chizilyapti. Bu jarayon bir necha yil oldin boshlangandi, bugun urush ko‘rinishida bo‘lyapti. Bunday holatda HAMAS, Hizbulloh kabi tashkilotlarning harakati aniq ko‘rinadi. Shuning uchun vaziyatga boshqa harbiy kuchlar aralashuviga yo‘l qo‘ymasdan muammoni hal qilish kerak. Bo‘lmasa, ko‘lam kengayib, lokal xarakterdagi urush mintaqaviy urushga aylanib ketishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Hozir Isroilning harakatlari muhim, agar bu harakatlar to‘xtamasa, ertaga nima bo‘lishini hech aytolmaydi. Bu jarayonda nafaqat musulmonlar, balki butun dunyo hamjamiyatining fikri o‘zgaryapti Isroilga nisbatan. Antonio Guterrishning bayonotini ham eshitdik. Hech qanday siyosiy maqsad begunoh odamlarning o‘ldirilishini oqlamaydi.
Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024
Netanyahu mudofaa vazirini bo‘shatdi: bu g‘alayonlarga sabab bo‘lmoqda
14:13 / 08.11.2024