Jahon | 16:03 / 27.10.2023
12344
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil nima uchun G‘azo hududiga yonilg‘i kiritmayapti?

G‘azo sektorida boshlangan qamal oqibatida hududga 2 ta manbadan kelayotgan elektr energiyasi batamom to‘xtatildi. Energiya yo‘qligi tufayli o‘nlab kasalxonalar ishlamay qolgan. Isroil yetkazib berish tizimini to‘liq nazorat qila olsa-da, dizel yoqilg‘isi harbiy maqsadlarda qo‘llanishini aytib, uni o‘tkazmayapti.

Foto: Paddy Dowling/Al Jazeera

Ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida G‘azo sektoriga hech narsa kiritilmadi: na oziq-ovqat, na suv va na yonilg‘i. So‘nggi kunlarda Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ochilib, hududga 4 marta kam sonli yordam kirdi.

Ammo insonparvarlik yordamlari tarkibida yonilg‘i yo‘q, hozirgacha G‘azo aholisi ehtiyojlari uchun yonilg‘i so‘rovi Isroil tomonidan rad etib kelinmoqda.

Isroil tarafi asosiy argumenti – dizel harbiy va fuqarolik maqsadlarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan «ikki maqsadli» mahsulot sifatida tasniflanmoqda. Shuning uchun yonilg‘i qattiq nazorat ostida.

G‘azodan halok bo‘lganlardan tashqari, o‘n minglab yaradorlar ham bor. Shifoxonalar, u yerdagi tibbiy asbob-uskunalar ishlab turishi uchun esa elektr energiyasi zarur.

Isroil tomonidan 7 oktyabr kuni boshlangan qamal hududga elektr energiyasini kiritishni ham cheklaydi. Natijada, G‘azoda yuqorida aytilgan tibbiy uskunalar majburan dizel yoqadigan generatorlar yordamida ishlatilmoqda. Dizel va boshqa turdagi yonilg‘ilar miqdori esa cheklangan. Ayrim shifoxonalarda shifokorlar energiyani tejash uchun, ba’zida ilojsizlikdan bemorlarni telefon yorug‘ida operatsiya qilishga majbur bo‘lmoqda.

«Agar qamaldagi anklavga yonilg‘i kirishiga ruxsat berilmasa, butun yordam operatsiyasi to‘xtaydi. Kasalxona generatorlari, suvni tuzsizlantirish zavodlari va oziq-ovqat va tibbiy buyumlarni qayta taqsimlash uchun yuk mashinalari — barchasi to‘xtaydi», degan BMT vakili Tomas Uayt.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azodagi 35 kasalxonadan kamida 10 tasi Isroilning aviazarbalari oqibatida katta zarar ko‘rgan yoki elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yonilg‘i yetishmasligi tufayli ishlamay qolgan. To‘liq blokada G‘azoning 2 milliondan ortiq aholisini tubsiz jarga olib bormoqda.

Al-Jazeera'ning yozishicha, bugunga qadar G‘azoga elektr quvvati ikki manbadan kelgan. Ulardan biri 120 MVt stansiya Isroil hududida, u 9 oktyabr kuni Isroil armiyasi tomonidan o‘chirilgan. 11 oktyabrda yonilg‘isi tugab, faoliyatini majburan to‘xtatgan G‘azo elektr stansiyasi esa qo‘shimcha 70 MVt energiya ishlab chiqargan. Bu falastinliklar bu ikkisidan ham mahrum va yonilg‘ida ishlaydigan generatorlarga tayanib qolgan.

«Holbuki insonparvarlik yordami Isroil hukumati va BMT vakillarining to‘liq kuzatuvi ostida olib boriladi, birorta yuk mashinasi manzilga yetgunicha to‘xtatishi yoki marshrutini o‘zgartirishi mumkin emas. Yonilg‘i to‘liq nazorat ostida yetkazish imkoni, mexanizmlari bo‘lsa-da, Isroil unga ruxsat bermayotgani bunga xohish yo‘qligini bildiradi», deyiladi nashr xabarida.

Buni Isroilning zaxiradagi harbiysi, general-mayor Giora Eyland quyidagicha izohlagan: «og‘ir gumanitar inqirozni yaratishdagi harakatlar maqsadga erishish uchun zarur vositadir». Ya’ni ongli ravishda G‘azo inson yasholmaydigan joyga aylanishini xohlashmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yonilg‘i taqchilligi G‘azodagi hali ham ishlayotgan shifoxonalarning eng muhim funksiyalariga, shu jumladan yaradorlarni tashish uchun tez yordam mashinalari va 1000 dan ortiq bemorga bog‘liq bo‘lgan dializ apparatlariga ham ta’sir qilmoqda.

G‘azoga qilingan hozirgi hujumdan oldin ham hudud Isroil tomonidan blokada ichida bo‘lgan. Natijada, G‘azo iqtisodiyoti vayron bo‘lgan, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi dunyodagi eng yuqori – qariyb 70 foizga ko‘tarilgan. Aholining asosiy qismi – 81 foizdan ortiq kishi qashshoqlikda yashamoqda.

«Yana bir muhim masala [hozirgi qamal ostida] kuniga o‘rtacha 20 yuk mashinasi gumanitar yordam yetkazadigan hozirgi mexanizm G‘azo aholisini ushlab turish uchun biz talab qiladigan darajada emas. Mojarodan oldin oddiy bir kunda 455 ta yuk mashinasi aholini qo‘llab-quvvatlash uchun G‘azoga kirayotgan edi», degan BMT vakili Uayt.

Nashr agar yonilg‘i G‘azo darhol sektoriga kiritilmasa, bu ko‘proq odamlar halok bo‘lishiga olib kelishi haqida xulosa qilgan.

7 oktyabr kuni HAMAS Isroil hududiga raketalar bilan hujum uyushtirdi, shuningdek, qurollangan bo‘linmalar chegara hududlarga bostirib kirdi, bu hujum oqibatida 1300 dan ortiq isroillik halok bo‘lgan, 200 dan ortiq kishi garovga olingan.

Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini qamal qilib, 2 haftadan ortiq vaqtdan buyon hududni tinimsiz bombalamoqda. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, aviazarbalar natijasida 7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, o‘n mingdan ortiq kishi yaralangan. Jahonning turli mamlakatlarida Isroildan terrorni to‘xtatishni talab qilib namoyishlar o‘tkazilmoqda, siyosatchilar o‘t ochishni to‘xtatish va hududga insonparvarlik yordamlari yetkazishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid