Jahon | 10:31 / 28.10.2023
8579
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy Bayden va Si Jinping o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Si Jinping noyabr oyida APEC (Asia-Pacific Economic Cooperation) sammitida ishtirok etish uchun AQShga kelishi kutilmoqda. Buni kutgan holda Jo Bayden Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.

Foto: Reuters

27 oktyabr, juma kuni Oq uy veb-saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Xitoy Xitoy raisi Si Jinping va Amerika prezidenti Jo Bayden o‘rtasida uchrashuv tashkil etish ustida birgalikda ishlamoqda. Davlat rahbarlarining uchrashuvi 11-17 noyabr kunlari San-Fransiskoda APEC (Asia-Pacific Economic Cooperation) sammiti doirasida bo‘lib o‘tishi kerak, deyiladi xabarda

Bayden 27 oktyabr kuni Vashingtonda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. U har ikki davlat ochiq muloqot kanallarini saqlab turishi va «o‘zaro munosabatlardagi raqobat masalalariga mas’uliyat bilan yondashishi» kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Amerika yetakchisi Pekinni «global muammolarni» hal etishda birgalikda ishlashga chaqirdi hamda Xitoy davlat kengashi sobiq bosh vaziri Li Ketsyanning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Van I Blinken va Sallivan bilan Xitoy-AQSh munosabatlarini muhokama qildi 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari 26 oktyabr kuni AQShga uch kunlik tashrif bilan keldi. U AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan ikki marta uchrashdi. Siyosatchilar muzokaralar ortidan hech qanday bayonot bermadi, biroq ular boshlanishidan oldin Vang I AQSh va Xitoy o‘rtasida nafaqat kelishmovchiliklar, balki umumiy manfaatlar ham borligini, «har ikki davlat ham keng qamrovli muloqotga muhtojligini» ta’kidladi. 

Bundan tashqari, Xitoy vazirini AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan qabul qildi. Uchrashuvda «AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning asosiy masalalari, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi» hamda Pekin va Tayvan o‘rtasidagi keskin munosabatlar muhokama qilindi, deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida. 

Reuters agentligining qayd etishicha, Van Ining safari yuqori martabali xitoylik siyosatchining AQShga so‘nggi yillardagi birinchi tashrifi bo‘ldi. Shu bilan birga, 2023 yil iyun oyida Pekin Bayden o‘z bayonotlaridan birida Xitoy rahbarini «diktatorlar»ga tenglashtirganidan keyin uni keskin tanqid qilgan edi.

APEC sammitiga Rossiya ham taklif etilgan 

Bayden va Si uchrashishi kutilayotgan APEC sammiti har yili blokka kiruvchi 21 ta davlatdan birining hududida o‘tkaziladi. APEC yig‘ilishlarida an’anaviy ravishda unga a’zo mamlakatlar rahbarlari ishtirok etadi. 

APEC tarkibiga Rossiya ham kiradi, biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin blokning 2022 yilda Bangkokda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitiga borishdan bosh tortdi – tadbirda mamlakatni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov taqdim etdi. Ushbu uchrashuv natijasida uning ishtirokchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoraladi. 

Sentyabr oyida Oq uy Rossiya San-Fransisko sammitida ishtirok etsa-da, Putin tadbirga bevosita taklif etilmasligini bildirgan edi. Vashington o‘z qarorini «sanksiya cheklovlari» bilan izohladi. Vladimir Putinning mamlakatga tashrifini tashkil etish ham qiyin bo‘lishi mumkin, chunki Xalqaro jinoiy sud ilgari uni hibsga olish uchun order bergan - buning fonida Putin 2023 yilda bir qator xorijiy safarlardan bosh tortgan edi. 

Mavzuga oid