Jahon | 07:45 / 28.10.2023
12199
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda internet va mobil aloqa uzib qo‘yildi

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, G‘azo bir necha kun internetsiz qolishi mumkin.

Foto: AP

Falastinning asosiy aloqa operatorlaridan biri juma kuni G‘azo sektorida barcha telekommunikatsiya xizmatlari to‘liq o‘chirilganini ma’lum qildi.

CNN mustaqil internet monitoring guruhlariga tayanib xabar qilishicha, bu G‘azoda urush boshlanganidan beri eng jiddiy aloqa uzilishi va urush avj olgani sababli Falastin tinch aholisining tashqi dunyo bilan aloqadan uzilib qolgani xavotir uyg‘otadi. 

«Biz barcha aloqa va internet xizmatlarining to‘liq to‘xtatilganini e’lon qilishdan afsusdamiz, - deb xabar berdi G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda internet va mobil aloqa xizmatlarini taqdim etuvchi Paltel provayderi. - So‘nggi bir soat ichida kuchli portlashlar natijasida G‘azoni tashqi dunyo bilan bog‘laydigan qolgan barcha xalqaro kanallar yo‘q qilindi». 

Butun dunyo bo‘ylab internet ulanishlarini kuzatuvchi Kaliforniyada joylashgan Kentik kompaniyasining internet-tahlil bo‘limi direktori Dug Medori CNN’ga G‘azoda davom etayotgan portlash va humanitar inqirozni hisobga olgan holda, aloqani tiklash bir necha kun yoki undan ko‘proq vaqt olishi mumkinligini aytdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi aloqa uzilishlari «ehtimol G‘azo boshidan kechirgan eng yomoni bo‘lishi mumkin». 

Londonda joylashgan NetBlocks CNN telekanaliga juma kuni internetning uzilishi «burilish nuqtasi» bo‘lganini va mojaro boshlanganidan beri bunday eng yirik hodisa ekanini bildirdi.

Mavzuga oid