O‘zbekiston | 15:54 / 28.10.2023
9288
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonliklar uchun viza olishni soddalashtirish taklifi o‘rganilmoqda” – Xitoy elchisi

Bizda bunga kuchli xohish bor, lekin bu masalalarni mutaxassislar orqali muhokama qilish va kelishish kerak, dedi Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun. Elchi, shuningdek, Xitoy fuqarolari uchun O‘zbekiston tomoni joriy qilgan 10 kunlik vizasiz rejimdan minnatdorligini bildirdi.

Foto: Kun.uz

27 oktyabr kuni Toshkentda Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan brifing tashkil qilindi. Tadbir doirasida Xitoy elchisi Yuy Szyun OAV vakillari savollariga javoban O‘zbekiston–Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekiston fuqarolari uchun Xitoyga viza olish tartibini yengillashtirish borasida ham takliflar bor. Hozir Xitoy tarafi bu masalani diqqat bilan o‘rganmoqda.

Dastlab biz yaqin oylarda tashqi ishlar vazirliklari darajasida konsultatsiyalar o‘tkazamiz – “soat millarimizni to‘g‘rilab olishimiz” uchun. Bizda bunga kuchli xohish bor, lekin har doim mutaxassislar orqali muhokama qilish va kelishish kerak. Dastlab viza olish tartibi yengillashtiriladi, keyinroq boshqa masalalar… biz bu masalani ko‘rib chiqishga tayyormiz”, — deya Xitoy elchisi Yuy Szyunning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xitoy diplomati, shuningdek, O‘zbekiston xitoyliklar uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etganidan minnatdorligini, bu chin yurtidan kelayotgan sayyohlar oqimini oshirayotganini bildirdi.

Shu yil noyabr oyida Qozog‘iston va Xitoy hukumatlari o‘rtasidagi viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kiradi. Unga ko‘ra, qozog‘istonliklar Xitoy chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab, 30 kun davomida ushbu mamlakatda vizasiz qolishi mumkin bo‘ladi. Shunday qoida Xitoy aholisi uchun ham amal qiladi. 

Mavzuga oid