Avtosalonlarda yo‘q shartnoma uchun ajiotaj yuzaga keldi
UzAuto Motors'ning Chevrolet Gentra, Cobalt va Damas avtomobillari uchun shartnomalar ochilishi haqidagi mish-mishlar fonida avtosalonlarda navbatlar vujudga keldi. Kompaniya ommabop modellarga shartnoma berish boshlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 30 oktyabrdan boshlab Chevrolet Gentra, Cobalt va Damas avtomobillari uchun shartnomalar ochilishi haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Natijada avtosalonlarda yo‘q mashina uchun ajiotaj yuzaga keldi.
UzAuto Motors ommabop modellarga shartnoma berish boshlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
“Bugun bir qancha avtoixlosmandlar avtomobillar uchun kontraktatsiya boshlangani to‘g‘risidagi mish-mishlarga ishonib, ertalabdan dilerlik markazlariga kelishgani sababli katta navbatlar yuzaga keldi. Hurmatli xaridorlar, eslatib o‘tamiz, sotuv boshlanganligi to‘g‘risida va boshqa murojaatlar bo‘yicha ma’lumotlarni UzAuto Motors'ning rasmiy kanallaridan olishingiz mumkin.
Shuningdek, avtomobillarga shartnoma tuzish nafaqat dilerlik markazlarida, balki UzAutoSavdo ilovasi, Telegam bot hamda savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali ham onlayn tarzda amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidlab o‘tamiz”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kompaniya ommabop modellari sotuvini 8 oylik tanaffusdan keyin shu yil avgust oyi boshida qayta tiklagan, o‘shanda avtosalonlarda kuzatilgan ajiotaj fonida 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnomalar bir sutka ichida tarqatib bo‘lingani aytilgandi. Keyinroq, 18 sentabr kuni qo‘shimcha shartnoma berish boshlangani xabar qilindi, biroq oradan 2 soat o‘tar-o‘tmas 28 mingta shartnoma tugagani, jarayon esa to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
18:27 / 31.10.2024
Yangi Cobalt Midnight 7,3 million so‘m qimmatroq bo‘ladi
14:37 / 30.10.2024
Toyota avtomobillarini ishlab chiqarish hajmi ketma-ket sakkizinchi oy pasaydi, sotuvlar ham qisqardi
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
15:54 / 24.10.2024