Fransiya prezidentining Qozog‘istonga tashrifi yakunlari: To‘qayev va Makron nima haqida kelishib oldi?
1 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Qozog‘istonga tashrifini yakunladi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Emmanuel Makron Ostonadagi xalqaro biznes-forumda ishtirok etdi. Fransiya va Qozog‘iston yetakchilari ko‘plab sohalarda hamkorlik qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.
To‘qayev va Makron «yashil texnologiyalar»ni birgalikda joriy qilishga kelishib oldi. Fransuzlar Yevropada atom energiyasidan foydalanishda yetakchi hisoblanadi. Qozog‘iston Fransiya atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i berishga tayyor.
«Qozog‘iston uran ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi, Yevropada iste’mol qilinadigan yadro yoqilg‘isining chorak qismidan ko‘prog‘ini ta’minlaydi. Fransiya energetika tarmog‘ining 63 foizi atom energetikasi hissasiga to‘g‘ri kelgani bois hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud», dedi Qozog‘iston prezidenti.
Qozog‘istonda 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Fransuzlar loyihaga bir milliard dollardan ortiq sarmoya kiritadi. To‘qayev investorlarni nodir metallarni qazib olishga e’tibor qaratishga chaqirdi. Qozog‘istonda besh mingga yaqin shunday konlar mavjud.
«Bugungi kunda biz Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan 30 ta noyob tuproq materiallaridan 16 tasini ishlab chiqaramiz va Yevropa bozorining fosforga bo‘lgan ehtiyojining 70 foizini ta’minlaymiz. Bizda yana to‘qqiz turdagi xomashyo koni bor, agar sarmoya kiritilsa, ularni o‘zlashtirish mumkin», dedi To‘qayev.
Fransuzlar logistikani rivojlantirishdan manfaatdor. Makronning ta’kidlashicha, yangi sharoitda Yevropa va Osiyo o‘rtasida ta’minotning eng qisqa va ishonchli yo‘nalishi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi hisoblanadi.
«Transport yo‘nalishlarini, birinchi navbatda, «O‘rta yo‘lak» orqali rivojlantirish muhim. Fransiya ushbu transport yo‘nalishini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor», dedi Emmanuel Makron.
Uchrashuvlar yakunida imzolangan kelishuvlar biotexnologiya va tibbiyot sohalariga tegishli. Fransuzlar qozog‘istonlik hamkasblariga oqsimga qarshi vaksina yaratishda yordam beradi. Ular temiryo‘l lokomotivlarini yig‘ish, achitilgan sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni davom ettiradilar.
Fransiya Qozog‘istonning beshta asosiy savdo hamkorlaridan biridir. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 2,7 milliard dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga ko‘p.
Mavzuga oid
23:35 / 15.11.2024
Fransiya prokuraturasi madaniyat vazirini sudga topshirishni talab qildi
21:23 / 13.11.2024
Dunyodagi zararli chiqindilarning bor-yo‘g‘i 1 foizi Markaziy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi – To‘qayev
20:58 / 12.11.2024
Fransiyadagi yirik ommaviy axborot vositalari X ijtimoiy tarmog‘ini sudga berdi
17:50 / 06.11.2024