O‘zbekiston | 15:59 / 01.11.2023
14174
5 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘plar tuhmat va huquqiy bilimi yetmaganidan qamalyapti» – yurist hukumatni Rossiya bilan mahbuslar almashish bo‘yicha kelishuvga chaqirdi 

Migratsiya masalalari bo‘yicha yurist Botirjon Shermuhammad O‘zbekiston hukumatini Rossiya bilan mahbuslar almashish bo‘yicha kelishuvni tezroq imzolashga chaqirdi. Yuristning bildirishicha, bu bir necha omillarga ko‘ra muhim.

— Botirjon aka, tahririyatimizga farzandi yoki biror yaqini Rossiyada qamalib qolgan va allaqachon qamoqda bo‘lgan insonlardan ko‘p murojaat bo‘ladi. Ular o‘z murojaatida qamoqdagi yaqinini O‘zbekiston qamoqxonalariga ko‘chirish mumkin yo mumkin emasligi haqida so‘rashadi. Xo‘sh, bugun huquqiy asoslarga ko‘ra buning imkoni qanchalik?

— Afsuski, Rossiya bilan o‘rtamizda bunday mexanizm yo‘q. MDH doirasida ham shunday shartnomalar bor ekan, lekin O‘zbekiston bunday kelishuvga qo‘shilmagan bo‘lsa kerak. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida bu borada shartnoma tayyorlangan, 2016 yil 1 mayda Putinning O‘zbekiston bilan shunday shartnoma imzolanishi bo‘yicha qarori ham chiqqan. Rossiya tomondan Adliya vazirligi, O‘zbekistondan Bosh prokuratura mas’ul bo‘lgan, juda yaxshi loyiha tuzilgan, o‘qib chiqqanman o‘zim. Lekin nimagadir kelishuv loyihaligicha to‘xtab qolgan. Bu bo‘yicha Rossiya tomoni tayyor, Putin qarori ham bor, lekin O‘zbekiston tomonidan hech qanday rasmiy hujjat yo‘q. Balki biz bilmaydigan va kelishuvga to‘siq bo‘luvchi qandaydir holatlar bordir. Lekin baribir shunday mexanizm yaratish kerak, chunki hozirgi kunda juda ko‘p vatandoshlarimiz Rossiyada qamalib ketyapti. Ko‘plar tuhmat bilan, advokatligi yo‘qligidan, huquqiy bilimi yetmaganidan qamalyapti. Agar O‘zbekistonga qaytarilsa, ularning ishi qayta ko‘rilishi mumkin. Shuningdek, uzoqroq muddatga qamalgan shaxslarni yaqinlari ko‘rishi bor, qandaydir iltimosnomalar kiritish masalasi bor, uzoqda bo‘lsa bular imkonsiz. Ko‘pchilik hatto farzandi yo yaqini qaysi qamoqxonada ekanini ham bilmaydi.

Ukraina urushi boshlangach, aynan mana shunday narkotik masalasida uzoq yilga qamalganlarni urushga jalb qilish ham bo‘lyapti.

— Siz oxirgi vaqtlarda Rossiyada migrantlar qamalishining Ukrainadagi urushga aloqasi bor, degan fikrga qanday qaraysiz? Harholda qamoqdagi har bir mahbusga urushga borib kelish va jazoni yengillatish varianti taklif qilinmoqda.

— Bunday taxminlar ham bor, ha, atay qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Advokatlar ham bunday holatlar birdan ko‘payganini aytyapti. Hatto yengilroq jazo olgan boshqa turdagi mahbuslarga ham urushga borish taklifi berilyapti ekan. Bir yil o‘tirib chiqqan tanishim unga ham shunday taklif bo‘lganini aytdi.

Biz hozir ogohlantirgan bilan ular qamoqda o‘tiribdi, bizni eshitishmayli. Deylik, 10 yilga qamalgan kishi, uning qamoqxonada sharoiti og‘irdir, qiynoq bordir, biz bilmaymiz. O‘sha odamga 6 oy urushga bor va ozod bo‘l, desa, u aldanib qolishi mumkin. Bularning oldini olish uchun yagona yo‘l — mahbuslar almashinuvi, kelishuv. Harholda bizning qamoqxonalarda bunday takliflar berilmaydi.

Elchixonaning faoliyatidan ham bexabarmiz. Nechta odam Rossiyadagi qamoqxonada, ularga huquqiy yordam berilyaptimi, o‘zi elchixonaning imkoniyati bormi — bu kabi bir qancha masalalar bor. Bizdagi oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 6,5 ming vatandoshimiz Rossiyadagi qamoqxonada edi, 8 mingga ham borgandir balki. Rossiya katta davlat, elchixonadagilar hamma joyga borib yordam berolmaydi ham. Rossiya hukumati atay shu urushga jalb etish uchun shu ishlarni qilayotgan bo‘lsa, har qanday yo‘l bilan imkonini topadi. Shuning uchun fuqarolarimizni o‘zimizga qaytarishimiz kerak. Boshqa chora yo‘q.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid