Jahon | 14:41 / 02.11.2023
6122
6 daqiqa o‘qiladi

7 mingga yaqin xorijiy fuqaro G‘azo sektorini tark etish uchun navbatda turibdi

Qohira xorijiy fuqarolarga G‘azo sektorini hududning Misr bilan chegarasida joylashgan Rafah chegara punkti orqali tark etish muddatini hali e’lon qilmagan.

Foto: AP

Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasida davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar fonida G‘azo sektorini chet el fuqaroligiga ega 7 mingga yaqin kishi tark etish uchun navbatda turibdi. Bu haqda 2 noyabr, payshanba kuni Misr Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ular orasida dunyoning 60 mamlakati fuqarolari, jumladan, ikki fuqarolikka ega falastinliklar ham bor. Fuqarolari G‘azo sektoridan chiqib ketishni kutayotgan barcha davlatlarning diplomatik vakillari Misr hukumati tomonidan logistika va zarur hujjatlar bo‘yicha maslahatlashish uchun Qohiraga taklif qilindi.

Ayni paytda, Misr Tashqi ishlar vazirligi xorijlik fuqarolarning G‘azo sektorini ushbu hududning Misr bilan chegarasida joylashgan Rafah chegara punkti orqali tark etishi mumkinligi to‘g‘risida kelishuv mavjudmi yoki yo‘qmi, hozircha xabar bermadi. Jo‘nab ketish qaysi vaqt oralig‘ida bo‘lishi ham aniqlashtirilmagan.

G‘azo sektoridan chet elliklarning ketishi haqida Falastin ma’lumotlari

Falastin tomoniga ko‘ra, 2 noyabr kuni 600 nafar xorijlik va ikki fuqarolikka ega falastinlik G‘azo sektoridan Misrga chiqib ketishi rejalashtirilgan. Aniqlik kiritilishicha, Rafah chegara punktida AQSh pasportiga ega 400 nafar fuqaro, shuningdek, Shveytsariya, Italiya, Gretsiya, Niderlandiya, Belgiya, Vengriya, Xorvatiya, Meksika, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar fuqarolari chiqishni kutmoqda. Falastin tomonining ro‘yxatida 2 noyabr kuni hududni tark etadigan Germaniya fuqarolari yo‘q.

Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 noyabr kuni G‘azo sektorini tark etish imkoniyati Qatar, Isroil, AQSh, Misr va G‘azo sektorida hokimiyat tepasida turgan HAMAS tashkiloti o‘rtasida ham kelishib olingan. «Bu alohida kelishuv bo‘lib, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarga aloqasi yo‘q», — deya o‘z manbasidan iqtibos keltiradi agentlik.

Xorijiy fuqarolarning G‘azo sektoridan chiqib ketishi 

1 noyabr kuni Rafah o‘tish joyi 7 oktyabr kungi voqealardan keyin ilk bor xorijlik fuqarolar uchun ochildi. Misr Qizil Yarim Oy jamiyati bo‘limiga ko‘ra, shu kuni G‘azo sektorini tark etgan guruh 285 kishidan iborat bo‘ldi. O‘z navbatida, AFP agentligi Misr hukumati vakiliga tayanib, G‘azo sektoridan jami 76 nafar yaralangan fuqaro, shuningdek, 335 nafar xorijlik va ikki fuqarolikka ega falastinlik kelganiga aniqlik kiritdi. 

Dpa agentligi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib yozishicha, 1 noyabr kuni G‘azo sektorini tark etgan xorijliklar orasida xalqaro gumanitar tashkilotlar xodimlari bo‘lgan Germaniya fuqarolari ham bor. 

G‘azo sektorida bo‘lgan va ketishni istamagan xorijliklar soni haqida ma’lumot yo‘q. 

Yevropa Ittifoqi gumanitar koridorlar yaratishga chaqiryapti 

Yevropa Ittifoqi G‘azo sektoridan Misrga olib boradigan Rafah chegara punkti orqali bir qator Yevropa Ittifoqi va boshqa chet el fuqarolari hamda yaralanganlarning evakuatsiya qilinishini olqishladi. «Men Misr hukumatiga chet el fuqarolari, xalqaro tashkilotlar xodimlari va ularning oila a’zolari, jumladan, Yevropa fuqarolari o‘z mamlakatlariga xavfsiz kirishiga yordam berish bo‘yicha ko‘rsatayotgan sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman», dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayeyn 1 noyabr kuni.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham Misrga «yaradorlar va boshqalarning G‘azo sektorini tartibli ravishda tark etishiga qaratilgan insonparvarlik sa’y-harakatlari hamda AQSh va Qatarga ushbu gumanitar kelishuvga vositachilik qilgani uchun» minnatdorchilik bildirdi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari gumanitar koridorlarni yaratishga va «tezkor ehtiyojlarni qondirish uchun tanaffuslar»ga chaqirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid