Jahon | 17:01 / 02.11.2023
8637
6 daqiqa o‘qiladi

Uran, neft va Qozog‘istonga investitsiya – Makron va To‘qayev nimalar haqida gaplashdi?

Asosiy energetikasi AESlarga tayanib qolgan Fransiya uchun Qozog‘iston urani har doimgidan ham muhimroq bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, Fransiya prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifi – geosiyosiy vaziyat tufayli mintaqa yana G‘arbning e’tiboriga tusha boshlagani bilan izohlanmoqda.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

1 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan keldi va Ostonada prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Fransiya yetakchisining Qozog‘istonga tashrifi mahalliy va xorijiy nashrlarda turlicha baholanmoqda.

Birinchidan, Qozog‘iston Fransiyaning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkori hisoblanadi, 2022 yilda o‘zaro tovar aylanmasi 30 foizga o‘sib, 4 milliard dollarga yetgan. Fransiya qozoq iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalar miqdori 18 milliard dollardan oshadi. Mamlakatdagi o‘nlab sohalarda fransuzlarning 200 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritadi.

Tashrif tafsilotlari haqida to‘xtalgan Reuters nashri Makron tashrif buyurayotgan Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan yana G‘arb e’tiborini jalb qila boshlaganini aytgan. Qozog‘istonning ahamiyati Rossiya joriy etilgan sanksiyalar ortidan uning o‘rinbosari o‘laroq neft mahsulotlarini yetkazib berishi va uranga boy ekanligi bilan bog‘liq. Fransuzlarning Orano kompaniyasi allaqachon Qozog‘iston uran sanoatiga kirib kelgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston Xitoy va Yevropa yo‘nalishidagi asosiy bo‘g‘inlardan biri hisoblanadi.

Ostonadagi uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainadagi urush masalasida Moskva tomonida bo‘lishdan bosh tortgani uchun Qosim-Jo‘mart To‘qayevni olqishlagan.

“Men ba’zilar sizga qo‘yayotgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan geosiyosiy bosimlar, qiyinchiliklarni... hech qanaqasiga kam baholamayman. Fransiya sizning “har qanday kuchli davlatning vassali bo‘lishdan bosh tortadigan, ko‘p vektorli va muvozanatli munosabatlar” o‘rnatishga intilishingizni qadrlaydi.

Biz do‘stlarimizning va ularning suverenitetini hurmat qilamiz. Qachonki biz ularga kerak bo‘lganimizda biz u yerdamiz,” — deya Makronning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Nashrning yozishicha, G‘arb davlatlarining Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik faolligi Rossiyada tashvish uyg‘ota boshlagan. Garchi Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov Qozog‘iston mustaqil davlat o‘laroq tashqi munosabatlarini o‘zi hal qilishini aytgan bo‘lsa-da, RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb Rossiyadan “qo‘shnilari, do‘stlari va ittifoqchilarini” tortib olishga harakat qilmoqda, degan.

Boshqa nashrlar, xususan Bloomberg ham o‘z manbalariga tayanib, Makronning safaridan ko‘zlagan asosiy maqsadi Fransiya energetik xavfsizligini mustahkamlash, ekanini aytadi.

Rossiyaning energetik manbalaridan uzilish va Nigerda bo‘lgan davlat to‘ntarishi tufayli Afrikadan uran kelishi ham qiyinlashib qolgan. Shu sababli Emmanuel Makronga yirik fransuz tadbirkorlari ham hamrohlik qilmoqda.

Qosim Jo‘mart To‘qayev “tarixiy”, deb atagan ushbu tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida bir qancha hujjatlar imzolangan. Xususan, strategik minerallar bo‘yicha hamkorlik qilish, quvvati 1Gvt'li saqlash tizimi bilan shamol elektrostansiyasini qurish, poyezd lokomotivlarini ishlab chiqarish va ta’mirlash, Fransiya taraqqiyot agentligini tashkil qilish, fransuz tili maktabini ochish kabi kelishuvlar imzolangan.

“Mamlakatingiz joylashgan hudud va uning katta maydoni juda muhim. Biz shuning uchun ham iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Bu imzolagan hujjatlarimizda ham ko‘rinadi”, degan Makron. 2023 yilda Qozog‘iston va Fransiya o‘rtasida aloqalar strategik sherikchilik darajasiga ko‘tarilganiga 15 yil to‘lmoqda. Taraflar buni ham alohida e’tirof etib o‘tgan. Bundan tashqari, 2024 yil sentabr oyidan qozoq-fransuz universiteti ochilishi kutilmoqda.

Shu kunning o‘zida bo‘lib o‘tgan qozoq-fransuz tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forumda esa To‘qayev ikki mamlakat uchun energetika sektori eng muhim bo‘lib qolishini, Qozog‘iston Fransiyaga neft eksporti hajmini oshirishga tayyorligini aytgan. Bundan tashqari, uran yetkazib berishda katta potensial borligi ham ta’kidlangan.

“Qozog‘iston uran ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu bilan biz Yevropaning uranga bo‘lgan ehtiyojini to‘rtdan birini qoplaymiz. Fransiya energiya sektorining 63 foizini atom energetikasi tashkil qilar ekan, bizda bu soha bo‘yicha hamkorlikning katta potensiali bor. Shuningdek, bizning uglerod chiqindilari darajasini nolga tushirish va muqobil energiya bo‘yicha qarashlarimiz, rejalarimizga mos keladi”, degan To‘qayev.

Qozoq yetakchisining aytishicha, mamlakat hududida umumiy qiymati 46 trillion dollardan ortiq bo‘lgan 5 mingtadan ko‘proq qazilma boyliklar, nodir metallar joylashgan hududlar bor. To‘qayev fransuz kompaniyalarini ularni ishlab chiqarish jarayoniga qo‘shilishga chaqirdi.

Makron Qozog‘istonga 1 kunlik tashrifi davomida rasmiy uchrashuvlardan tashqari “Etnoovul” ko‘rgazmasiga borib qozoqlar madaniyati bilan tanishdi. Shuningdek, Ostonadagi universitetlardan birida talabalar bilan muloqot qilishga ham ulgurgan.

Mavzuga oid