Zelenskiy Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondonini almashtirdi
Sergey Lupanchuk maxsus operatsiyalar kuchlarining yangi qo‘mondoni etib tayinlandi. O‘tgan yilning iyul oyidan beri Ukraina Qurolli kuchlarining ushbu bo‘linmasini Viktor Xorenko boshqarib kelayotgandi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy polkovnik Sergey Lupanchukni Ukraina Qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari (MOK) yangi qo‘mondoni etib tayinladi. Zelenskiyning tegishli farmoni 3 noyabr, juma kuni Ukraina prezidenti saytida e’lon qilindi.
Lupanchuk 2022 yilning 25 iyulidan buyon MOKni boshqarib kelayotgan general-mayor Viktor Xorenko o‘rnini egallaydi. «Biz Ukrainada va undan tashqarida noyob operatsiyalar o‘tkazamiz. Taktik, operativ, strategik darajada ishlayapmiz. Vazifalarimiz natijalari yaxshi bo‘lyapti. Hozir ko‘p narsani oshkor qila olmaymiz, lekin kelajakda, menimcha, MOKning muvaffaqiyatli operatsiyalari haqida bir nechta kitob yozish imkoni bo‘ladi», - dedi Xorenko 31 oktyabr kuni chop etilgan intervyusida.
Zelenskiy: Lupanchuk - tajribali, jangovar ofitser va to‘g‘ri qo‘mondon
Sergey Lupanchuk – tajribali ofitser, jangovar zobit, to‘g‘ri qo‘mondon va maxsus kuchlarga yangi imkoniyatlar qo‘sha oladigan shaxs, dedi Volodimir Zelenskiy vatandoshlariga kechki murojaatida.Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus kuchlarning sobiq qo‘mondoni Viktor Xorenko Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») tarkibida maxsus vazifalarni bajarishda davom etadi.
Xorenko: iste’fo haqida OAVdan bildim
Xorenkoning o‘zi MOK qo‘mondoni lavozimidan iste’foga chiqish sabablari unga noma’lumligini va Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy uni ishdan bo‘shatish bo‘yicha taklif kiritmaganini aytdi. «Sabablarini men bilmayman. Aytmoqchimanki, men bu haqda OAVdan bildim. Bosh qo‘mondon bilan gaplashdim, u ham buni menga tushuntira olmadi. Bosh qo‘mondon tegishli taqdimnoma kiritishi kerak edi, lekin u menga bunday qilmaganini aytdi, men nima bo‘lganini tushunmayapman», dedi general «Ukrainskaya pravda» tok-shousi efirida.
Maxsus operatsiyalar kuchlari tarkibiy jihatdan Ukraina Qurolli kuchlarining bir qismidir. Ular 2016 yil 28 iyulda NATO davlatlari ko‘magida yaratilgan. MOK razvedka bilan bog‘liq vazifalarni bajarishi, axborot va psixologik operatsiyalarda qatnashishi, terrorizm va qaroqchilikka qarshi kurashishi, qarshilik harakatini tayyorlashi va tashkil etishi, shuningdek, bir qator boshqa vazifalarni bajarishi mumkin.
Avvalroq Amerikaning Time nashri rezonansli maqola chop etib, unda manbalarga tayanib, Ukraina rahbariyatida bo‘lajak o‘zgarishlar haqida xabar bergan edi. Nashr suhbatdoshlari vazirlardan biri va yuqori martabali generallardan biri ishdan olinishini iddao qilgan. Ularga ko‘ra, bu odamlar Ukraina armiyasining Rossiya qo‘shinlariga qarshi hujumi paytida «frontdagi sekinlik» uchun javobgar bo‘ladi.
Mavzuga oid
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024
Ukraina uzoq masofaga uchadigan raketalar uchun ruxsat oldi: endi nima bo‘ladi?
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:47 / 18.11.2024