O‘zbekiston | 11:00 / 07.11.2023
16312
2 daqiqa o‘qiladi

DXX Andijonda tuman prokurori o‘rinbosari va tergovchisini, Samarqandda esa prokuror yordamchisini qo‘lga oldi 

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Andijon va Samarqand viloyatlarida korrupsiya holatlariga chek qo‘yildi.

Foto: Videodan kadr

Andijon viloyati Xo‘jaobod tuman prokuraturasi tergovchisi tuman ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- va 228-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik va tergov harakatlari davomida yengillik yaratib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchi so‘ralgan pul mablag‘ini umumiy ovqatlanish maskanida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish bo‘yicha ko‘rsatmani tuman prokurori o‘rinbosari bergani isbotlanib, u ham qamoqqa olingan. 

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Past Darg‘om tumani prokurori yordamchisi tuman ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida o‘tayotgan fuqaroga nisbatan sud jarayonida yengillik qilish va sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali qamoqdan chiqarish evaziga, uning qarindoshlaridan 3 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, prokuror yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘idan 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Mavzuga oid