Jahon | 09:46 / 07.11.2023
4445
4 daqiqa o‘qiladi

FT: 100 dan ortiq Britaniya kompaniyalari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzgan

Buyuk Britaniya Moliya vazirligi qonunbuzarliklarni o‘zi tan olgan kompaniyalar uchun jazoni yengillashtirishga tayyor, deb yozadi Financial Times.

Foto: Luke MacGregor / Bloomberg

Britaniya kompaniyalari Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimini buzganini tan olib, davlat tomonidan jazo yengillashtirilishiga umid qilmoqda, deb yozadi Financial Times 6 noyabr, dushanba kuni. Jurnalistlarning Buyuk Moliya vazirligiga tayanib ma’lum qilishicha, 17 may holatiga ko‘ra, 127 kompaniya sanksiyalarni buzganini ixtiyoriy ravishda tan olgan

Nashrning qayd etishicha, Londondagi Moliya vazirligi qonunbuzarliklarni o‘zi tan olgan va tergov davomida hamkorlik qilgan kompaniyalar uchun jazoni yengillashtirishga tayyor. Jazo choralarini qo‘llash uchun mas’ul bo‘lgan idoraning tegishli bo‘limi «kompaniyalarni qasddan sodir etilmagan xatolar uchun jazolashga» intilmayapti, deb yozadi FT. Sanksiyalarni buzganlik uchun jazo sifatida ogohlantirish yoki jarima solinishi mumkin, jarimaning yuqori chegarasi esa ko‘rsatilmayapti. 

Eng qattiq sanksiyalar to‘plami 

2022 yil 24 fevralda Rossiya qo‘shinlarining Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanishi ortidan Buyuk Britaniya Rossiyadagi 1600 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Nashrning qayd etishicha, bu yirik iqtisodiyotga qarshi sanksiyalarning eng qattiq paketi edi. Shu bilan birga, Rossiyadagi yigirmadan ortiq banklar va yuzdan ortiq rus oligarxlari bilan biznes yurituvchi Britaniya tashkilotlariga moratoriy joriy etildi. 

Iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha mutaxassis va Pinsent Masons yuridik firmasining sherigi Steysi Kinning so‘zlariga ko‘ra, u Moliya vazirligiga so‘rov yuborgan hamda unga javob FT nashri maqolasi uchun asos bo‘lgan. Unga ko‘ra, Rossiyaga sanksiyalarning misli ko‘rilmagan ko‘lami Britaniya biznesi uchun jiddiy muammo bo‘lib chiqdi. Kinning ta’kidlashicha, Rossiya Eron yoki Shimoliy Koreya kabi sanksiyaga uchragan davlatlarga qaraganda jahon iqtisodiyotiga ko‘proq integratsiyalashgan. 

Buyuk Britaniya Oleg Tinkovga qarshi sanksiyalarni bekor qildi 

Iyul oyida ma’lum bo‘lishicha, Buyuk Britaniya rossiyalik tadbirkor Oleg Tinkovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgan, u Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga tegishli iltimos bilan chiqqandi. Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng, bu - Londonning yirik rossiyalik tadbirkorga nisbatan jazo choralarini bekor qilgan birinchi voqea bo‘ldi. Shu bilan birga, milliarder Vladimir Potanin tuzilmalariga sotilgan Tinkov tomonidan asos solingan «Tinkoff bank» hamon cheklovlar ostida. 

Rossiyalik tadbirkorlarga muzlatilgan aktivlarning bir qismidan foydalanishga ruxsat berildi 

O‘sha vaqt, iyul oyida Amerikaning The New York Times nashri Birlashgan Qirollik hukumati 2022 yil fevral oyida sanksiyalar ostida qolgan rossiyalik milliarderlar Mixail Fridman va Petr Avenga qarshi sanksiyalarni yengillashtirgani, bu ularga muzlatilgan hisoblardan yuz minglab yevro sarflashga imkon bergani haqida xabar berdi. Umuman olganda, 2022 yilda Ukraina urushi boshlanganidan beri Britaniya rasmiylariga litsenziya (sanksiyalardan istisnolar) berish uchun mingga yaqin arizalar kelib tushdi, deb yozadi NYT. 2022 yil oxiriga kelib, London ulardan 82 tasini tasdiqladi, ko‘plari hali ham ko‘rib chiqilmoqda. 

Yevropa Ittifoqi o‘z sanksiyalarini chetlab o‘tganlik uchun jazolarni kuchaytiradi 

Avvalroq, iyun oyida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari adliya vazirlari o‘zi kiritgan sanksiyalarni chetlab o‘tganlik uchun eng kam jazolarni belgilagan edi. Masalan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida Rossiyaga harbiy mahsulotlar yetkazib berish kamida besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shu vaqtgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda bunday qonunbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish majburiyati yo‘q edi. 

Mavzuga oid