Jahon | 20:12 / 07.11.2023
29595
5 daqiqa o‘qiladi

Granatali sovg‘a. Zalujniyning yordamchisi o‘z uyida halok bo‘ldi

Zalujniyning yordamchisi tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilingan granata portlab ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Ukraina IIV baxtsiz hodisa ro‘y berganini ma’lum qilgan, ammo ish qasddan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha tergov qilinmoqda.

Foto: Ukrayinska pravda

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning yordamchisi mayor Gennadiy Chastyakov Kiyev oblastining Chayki qishlog‘idagi o‘z uyida granata portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Ukraina IIV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 6 noyabr kuni kechqurun, 39 yoshli harbiyning tug‘ilgan kunida «o‘q-dori bilan ehtiyotsiz muomilada bo‘lish oqibatida» ro‘y bergan. Chastyakovning 13 yoshli o‘g‘li og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, 11 yoshli qizi ham yengil tan jarohati olgan.

Ukraina QK bosh qo‘mondoni Chastyakovning o‘limi yuzasidan o‘z hamdardligini bildirgan.

«Ukraina qurolli kuchlari va shaxsan men uchun ta’riflab bo‘lmaydigan og‘riq va og‘ir judolik. Bugun fojiali tarzda o‘z tug‘ilgan kunida yordamchim va yaqin do‘stim, mayor Gennadiy Chastyakov oilasi davrasida halok bo‘ldi. Sovg‘alardan birida noma’lum portlovchi qurilma ishga tushdi. Gennadiyning rafiqasi va to‘rt farzandi qoldi. Oilasiga chuqur hamdardlik bildiraman...!» — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Zalujniyning ta’kidlashicha, keng ko‘lamli bosqinning boshidanoq Chastyakov «o‘z hayotini Ukraina qurolli kuchlariga va Rossiya agressiyasiga qarshi kurashga bag‘ishlagan ishonchli yelkadoshi» edi.

«Sabab va holatlar sud tergovi davomida aniqlanadi. Abadiy xotira!» — deb qo‘shimcha qildi u.

Chastyakovning rafiqasi eri uyga sovg‘alar solingan paket olib kelgani, uning ichida spirtli ichimlik va granata ko‘rinishidagi ryumkalar bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash paketni ochish vaqtida sodir bo‘lgan, deya xabar bergan «Ukrainskaya pravda» nashri huquq-tartibot organlaridagi manbasiga tayanib.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko hodisa tafsilotlarini keltirgan. «Halok bo‘lgan mayor Chastyakovning tug‘ilgan kuni o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Uyga u hamkasblaridan olgan sovg‘alari bilan qaytgan va oila a’zolariga ko‘rsata boshlagan. Ichida granatalar bo‘lgan sovg‘a qutisini olgan va o‘q-dorilardan birini o‘g‘liga ko‘rsatgan. Bu g‘arb namunasidagi granatalar bo‘lgan. Avvaliga o‘g‘li o‘q-dorini qo‘liga olgan va halqani aylantira boshlagan. Keyin harbiy granatani boladan olgan va halqani sug‘urib tashlagan, shunda fojiali portlash ro‘y bergan», — deya yozgan Ukraina IIV rahbari telegramda. 

Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, uydan yana beshta shunday portlamagan granata topilgan. Politsiya Chastyakovga bu sovg‘ani bergan hamkasbini topgan. Uning xonasida tintuv o‘tkazilgan va shu kabi ikkita granata musodara qilingan.

Ukraina IIV vakili Maryana Reva Chastyakovga granatalarni sovg‘a qilgan harbiy uni bu jangovar granatalar ekanidan ogohlantirgan bo‘lgani haqida qo‘shimcha qilgan. «Bu sovg‘ani bergan odam tan oldi. U granatalar jangovar ekanidan ogohlantirgan. Katta ehtimol bilan, halok bo‘lgan shaxs bu ma’lumotga ishonmagan», — degan u «Ozodlik radiosi»ga bergan izohida va sovg‘a berganning shaxsini ochiqlamagan holda. Reva xonimning qayd etishicha, barcha to‘plangan dalillar va ko‘rsatmalar uyda baxtsiz hodisa sodir bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ukraina Markaziy okrugi mudofaa sohasiga ixtisoslashtirilgan prokuraturasi portlash fakti bo‘yicha  qasddan odam o‘ldirish (Ukraina JK 115-modda, 1-qism, yetti yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan) va o‘q-doridan noqonuniy foydalanish  (Ukraina JK 263-modda, 1-qism, uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Idora press-relizida mazkur jinoiy ish bo‘yicha gumonlanuvchi yoki hibsga olinganlar bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot keltirilmagan. Prokuratura «guvohlarni so‘roq qilishni davom ettirmoqda» va «ekspertizalar to‘plamini tayyorlamoqda».

Mavzuga oid