Jahon | 12:10 / 07.11.2023
11547
4 daqiqa o‘qiladi

Kuleba: Ukrainani tarixdagi eng yomon qish kutmoqda

Ukrainaga qishda fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari ko‘proq kerak, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Die Welt nashriga bergan intervyusida. Bundan tashqari, Kiyev Germaniyaning Taurus raketalari yetkazib berilishiga erishmoqchi.

Foto: AFP

Ukraina Germaniyaning uzoq masofaga uchuvchi Taurus raketalarini yetkazib berishdan bosh tortishiga vaqtincha «ko‘z yumishga» tayyor, ammo buning evaziga nemis rasmiylari kelgusi qishda mamlakat fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish uchun ko‘proq havo mudofaa tizimlarini topshirishi kerak. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 6 noyabr, dushanba kuni chop etilgan Die Welt nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi

«Men o‘nlab shamlar sotib oldim. Dadam bir yuk mashinasi o‘tin sotib oldi. Biz har qachongidan ham yomon qishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Shuning uchun Taurus’ni olmasak, mayli, bunga ko‘z yumamiz, lekin havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak. Biz elektr stansiyalarimizni qo‘limizdan kelgancha himoya qilishga urinyapmiz. Lekin rossiyaliklar bunga allaqachon moslashib bo‘lgan. Ular raketalari bilan bizning chidamliligimizni yana sinovdan o‘tkazadi. Lekin biz g‘alaba qozonamiz», - dedi Ukraina TIV rahbari. 

Shu bilan birga, Kiyev kelajakda Germaniyadan Taurus qanotli raketalarini olishga umid qilmoqda, deya ta’kidladi u. «Taurus mavzusi biz uchun hali yopiq emas va biz bu borada ishlashda davom etamiz. Germaniya har doim juda yuqori axloqiy me’yorlar asosida baholanadi, lekin shu bilan birga, u qanday ulkan burilish yasaganini unutib qo‘ymoqda. 2022 yilning 24 fevraliga qadar faqat Rossiya bilan do‘stlik haqida bayonotlar berilgan vaqtlarni eslab ko‘ring. Bugungi kunda hech kim bunday qilmayapti», dedi vazir. 

Kuleba: Berbok meni Ukraina Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishiga ishontirdi 

Noyabr boshida Dmitriy Kuleba Berlinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan muzokaralar o‘tkazdi. Mavzulardan biri, dedi u, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘ldi. Kuleba Die Welt nashriga bergan intervyusida: «Ukraina Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lishiga shubham yo‘q. Men bu kafolatni Annalena Berbokdan oldim», dedi. 

Yevroittifoqning yagona bozoriga qo‘shilish uchun Ukraina adliya tizimini isloh qilishi va korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirishi kerak, deya qo‘shimcha qildi Kuleba. «Biz tegishli qonunlarni qabul qildik, endi ularni amalga oshirish lozim», - dedi u. 

«Agar G‘arb bu urushda g‘alaba qozona olmasa, qaysi urushda ustun kelishi mumkin?» 

Ukraina tashqi ishlar vazirligi rahbari Volodimir Zelenskiyning sentabr oyida AQSh Kongressida Vashington ko‘magisiz Ukraina urushda yutqazishi haqidagi bayonotiga ham izoh berdi. «Zelenskiy buni amerikalik senatorlarga Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish zarurligini tushunishi uchun aytdi. Agar G‘arb bu urushda g‘alaba qozona olmasa, unda qaysi urushda ustun kelishi mumkin?» — dedi Kuleba. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2024 yilgi AQSh prezidentlik saylovlari natijalaridan qat’i nazar, Kiyev faqat Amerika ko‘magiga qaram bo‘la olmaydi va hozirda «barcha turdagi qurollarni ishlab chiqarishga keng sarmoya kiritmoqda, o‘z ishlab chiqarishini sezilarli darajada oshirmoqda va iqtisodiyotni harbiylashtirmoqda». Kuleba, shuningdek, «ko‘pincha kam baholanadigan» Yevropaning yordamini ta’kidladi: «Menimcha, Yevropadagi va boshqa mamlakatlardagi do‘stlarimiz tufayli biz eng yomon ssenariylardan ham qo‘rqmayapmiz». 

Mavzuga oid