O‘zbekiston | 11:59 / 07.11.2023
6215
1 daqiqa o‘qiladi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ilk bor nanotexnologiyalar bo‘yicha patent oldi

Qattiq qotishmalarga qo‘shish uchun volfram nanokukunini olish usuliga taqdim etilgan patent 100 foiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tegishli.

Foto: OKMK

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati olimlari va mutaxassislarining navbatdagi kashfiyotiga ixtiro patenti berildi. 

OKMK axborot xizmati xabariga ko‘ra, qattiq qotishmalarga qo‘shish uchun volfram nanokukunini olish usuliga taqdim etilgan ushbu patent 100 foiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tegishli.

Ushbu usul kukun metallurgiyasida, nanokukunlarni olish va qo‘llashda foydalaniladi. Mazkur usul orqali qattiq qotishmalar ishlab chiqarish jarayonida qotishmaning mustahkamligi 16 foizga oshiriladi. Qattiq qotishmalarda eng og‘ir holatdagi parametr bu - mustahkamlik bo‘lib, yangi ixtiro yuklama (bosim ostida) qotishma sinib ketmasligining oldini oladi. 

Nanokukunlar qotishma ishlab chiqarishda rekristallizatsiya jarayonida faol qatnashib, zich materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llanadi.

Hozirda ushbu ixtiro OKMKning Chirchiq shahridagi tarkibiy bo‘linmasida qattiq qotishmalar ishlab chiqarishda qo‘llanmoqda.

OKMK matbuot xizmati

Mavzuga oid