Tramp sudda o‘z mulki noto‘g‘ri baholanganini tan oldi
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda fuqarolik firibgarligi bo‘yicha sudda qasamyod ostida ko‘rsatma berdi.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda fuqarolik firibgarligi bo‘yicha sud majlisida o‘z boyligi noto‘g‘ri hisoblanganini tan oldi. 6 noyabr, dushanba kuni qasamyod ostida bergan bayonotida u o‘zining kompaniyasi Floridadagi Mar-a-Lago rezidensiyasi va Doral golf maydoni, shuningdek, Nyu-Yorkdagi Tramp-tauer osmono‘par binosida joylashgan kvartiraning qiymatini oshirib ko‘rsatganini aytdi.
Reuters ta’kidlashicha, Tramp bu hisob-kitoblarning ahamiyatini pasaytirishga uringan. «Bu muhim emas edi. Ular buni muhim qilib qo‘ydi, lekin muhim emas edi», dedi u. Bundan tashqari, u qasamyod ostida ko‘chmas mulkiga oid hujjatlarni qalbakilashtirish ayblovlarini rad etdi.
AFP ta’kidlashicha, Tramp 100 yildan ortiq vaqt davomida sudda ayblanuvchi sifatida guvohlik bergan birinchi AQSh sobiq prezidenti bo‘ldi. U bu jarayonda ikki marta yopiq eshiklar ortida ko‘rsatma bergan, biroq bu sudda emas, balki sud eshituvlari boshlanishidan oldin bo‘lgan.
Firibgarlik bo‘yicha ish jarayoni
Nyu-Yorkdagi jarayon Demokratik partiya a’zosi, Nyu-York bosh prokurori Letisiya Jyeymsning da’vosiga tegishli. U 77 yoshli sobiq prezident, uning o‘g‘illari va yuqori lavozimli xodimlarini kreditlar va sug‘urta shartnomalari bo‘yicha yaxshiroq shartlarga ega bo‘lish uchun The Trump Organization holding kompaniyasi qiymatini yillar davomida oshirib ko‘rsatib kelganlikda aybladi. Jyeymsning aytishicha, u sud jarayonida Trampning firibgarliklarini to‘liq fosh etish niyatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, inson qanchalik boy yoki nufuzli bo‘lmasin, qonunlar hamma uchun bir xil bo‘ladi.
Sentyabr oyi oxirida sudya Artur Engoron Trampni bu ishda aybdor deb topdi, shundan so‘ng sud jazoni belgilashga kirishdi. Sobiq davlat rahbari ushbu fuqaroviy da’vo bo‘yicha qamoq jazosiga mahkum etilmaydi, bir necha oyga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan sud jarayoni uning navbatdagi prezidentlik saylovlariga nomzodligiga ham ta’sir qilmasligi kerak. Letisiya Jyeyms 250 million dollar jarima solib, Tramp va uning bolalariga Nyu-Yorkda biznes yuritishni taqiqlashni talab qilmoqda. Tramp ayblovni «jodugarlar ovi» deb atadi va sudya Engoron hamda prokuror Jyeymsni siyosiy tarafkashlikda aybladi.
Mavzuga oid
21:54 / 18.11.2024
Tramp noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi borligini tasdiqladi
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14 / 18.11.2024
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
15:30 / 18.11.2024