Iqtisodiyot | 16:15 / 09.11.2023
20070
2 daqiqa o‘qiladi

Sut va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining muammolari tinglandi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida chorvachilik, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Palata tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirda sohada kuzatilayotgan tizimli muammolarni aniqlash, ularni muhokama qilish va biznesga yanada qulaylik hamda yengilliklar yaratishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish maqsad qilindi.

Xususan, yig‘ilishda qatnashgan tadbirkor va fermerlar ichki ishlab chiqaruvchilarning manfaatlari davlat tomonidan yetarlicha himoya qilinmayotgani, “asl sutdan tayyorlangan” degan yozuv bilan import qilingan, lekin arzon quritilgan sutdan tayyorlangan mahsulotlar peshtaxtalarni to‘ldirayotgani va inchunin ichki ishlab chiqaruvchi bundan zarar ko‘rayotgani, bunday mahsulotlar ustida quritilgan sut ishlatilganini yozishni majburiy qilishni taklif etishdi.

Soha sub’yektlari imtiyozli kreditlar emas, tijoriy kreditlar olishga majbur bo‘layotgani ta’kidlandi, chet el tajribasini o‘rganib kelgan mutaxassislar bu noto‘g‘ri ekanini, chet elda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun past foizli kreditlar berilishini aytishdi.

Subsidiyalar olishda byurokratik qiyinchiliklar borligi, subsidiya olish uchun to‘rt mansabdorning imzosini olish kerakligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid