Jahon | 12:04 / 09.11.2023
25472
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun shartlarni aytdi

Ukraina Braziliya, AQSh, Xitoy va boshqa davlatlarning tinchlik tashabbuslarini eshitishga tayyor, ammo Rossiya bilan bahsli masalalar bo‘yicha murosaga bormaydi, deya ma’lum qildi Volodimir Zelenskiy.

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy boshqa davlatlarning tinchlik o‘rnatish borasidagi tashabbuslariga ochiq ekanini aytdi, biroq Rossiya bilan bahsli masalalar bo‘yicha murosa qilish imkoniyatini rad etdi. «Sizningcha, nima uchun urishayotgan, hujumga uchragan mamlakat murosaga tayyor bo‘lishi kerak? Rus askarlari o‘z yurtiga ketishi kerak. Ular ketishi kerak. Bu - urushni to‘xtatishning haqiqiy yo‘li», - deya ta’kidladi u 8 noyabr, chorshanba kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Reuters NEXT konferensiyasida video-aloqa orqali so‘zlagan nutqida.

«Agar bizning hududlarimiz murosa masalasiga aylansa, boshqa mintaqalarda, boshqa qit’alarda nimalar yuz berishi mumkinligini tushunishingiz kerak. Keyinchalik boshqa mamlakatlar hududlari ham tahdid ostida qoladi», - deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. 

Uning ta’kidlashicha, Ukraina «agar ularda Rossiya pozitsiyasi yangramasa hamda Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududlaridan olib chiqishni nazarda tutsa, har qanday ovozni eshitishga tayyor». Xususan, Kiyev Braziliya, AQSh, Xitoy, Afrika davlatlarining takliflarini tinglashga tayyor. «Biz sizning fikringizga qo‘shilamiz deyishimiz mumkin, bu normal holat. Faqat bizning 10 bandimiz (Ukraina tinchlik formulasi) - dogma emas. Lekin barcha takliflar bitta g‘oyaga asoslanishi kerak, aks holda biz hech qachon yechim topa olmaymiz», - dedi Ukraina prezidenti. 

AQSh Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgan taqdirda ham ukrainaliklar kurashni davom ettiradi

AQShda Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni qisqartirish bo‘yicha muhokamalar haqida gapirar ekan, Zelenskiy Respublikachilar partiyasi vakillarining ayrim bayonotlari «haqiqatan ham xavfli» ekanini ta’kidladi. «Albatta, xalqimiz bunday ovozlardan tashvishda», - deydi u.

Biroq, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tashqi siyosatini o‘zgartirgan taqdirda ham ukrainaliklar kurashni davom ettiradi: «Biz sizsiz ham kurashamiz, sizlar bizning xalqimizni tushunishingiz kerak: erkinlik bizda mavjud bo‘lgan eng muhim qadriyatdir va uni hech kimga bermaymiz. Hatto katta rahbarlar bizni bunga undashga harakat qilsa ham».

Mavzuga oid