O‘zbekiston | 20:33 / 10.11.2023
4782
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi 

Unda kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari bilan bog‘liq harakatlar tartibga solinmoqda. 

Foto: Depositphotos

Prezident tomonidan «O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi, u 3 oy o‘tgach kuchga kiradi. 

Qonunga muvofiq, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ro‘yxatga olinishi lozim. 

Ro‘yxatga olish Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (maxsus vakolatli davlat organi) tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalari asosida amalga oshiriladi. 

Kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari 5 yil muddatga ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatga olish uchun sinovlarni o‘tkazish muddati 2 yildan oshmasligi kerak. 

O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rilishini talab qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan o‘simliklarni himoya qilish vositalarini 1 yilgacha muddatda tajriba tariqasida qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi. 

Kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus omborxonalarda yoki maxsus xonalarda saqlashga yo‘l qo‘yiladi. Ularni maxsus idishsiz saqlash taqiqlanadi.

Mavzuga oid