Jahon | 19:07 / 13.11.2023
13875
7 daqiqa o‘qiladi

Mehnat bozorini buzib yuborgan urush: erkaklari jang qilayotgan, ayollari ishlayotgan Ukraina

Covid-19 ikki yil avval Oksanadan onasi va turmush o‘rtog‘ini tortib olgandi. Rossiya artilleriyasi esa bahorda uni otasi va katta o‘g‘lidan ayirdi. «Hozir boshimni ishdan ko‘tarmayman», - deydi ayol. U hozir Ukraina sharqidagi Ternivka shaharchasi chetida 480 metr chuqurlikda joylashgan konda ishlaydi. 

Foto: Reuters

Oksana 49 yoshda. U urushning eng dahshatli nuqtasiga aylangan Baxmutda yashagan. Kambag‘al bolalar maktab-internatida raqsdan dars bergan. Bugun uning uyi ham, jonajon shahri ham yer bilan bitta bo‘lgan. Maktabi yopilgan. Qarindoshlari vafot etgan. O‘zi esa hozir ko‘mir koni ishchisi

Rus bosqini boshlangan 2022 yil fevralida Oksana (kon rahbariyati uning familiyasini oshkor qilmaslikni so‘radi) Polshaga qochib o‘tadi. U yerda restoranlardan birida oshpaz, idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydi. Biroq u vatani Ukrainani sog‘inardi. Orada do‘stlari Ternivkadagi kon yangi ishchilar qidirayotganini aytib qoladi. Oksana ishga yoziladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ishida boshqalariga qaraganda yaxshi maosh to‘lashadi. Shuningdek, yaxshi nafaqa ham taklif qilishgan. Bu ish unga barcha xotiralariga to‘siq qo‘yishda yordam beryapti. «Hammasini unutishni xohlayman», — deydi ayol. 

Urush son-sanoqsiz ukrainaliklar hayoti bilan birga mehnat bozorini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Rossiya hujum qilgan bir kechaning o‘zida 4,8 millionga yaqin kishi ishidan ayrildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yil bahorida ishsizlik darajasi 30 foiz bo‘lgan, 2023 yil oktyabrida bu ko‘rsatkich ancha kamaygan — 18,4 foiz. Biroq bu ham aslida urushgacha bo‘lgan ishsizlik darajasidan ancha ko‘p hisoblanadi. So‘rovnomalardan biriga ko‘ra, urush boshlangandan beri ukrainaliklarning 17 foizi kasbini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Yuz minglab kishi armiyaga chaqirildi. Amerika rasmiylarining qayd etishicha, urushda kamida 70 ming Ukraina askari vafot etdi. Yana 120 ming nafari esa turli darajada jarohat olgan. 

Buning oqibati o‘laroq erkaklar ishlab kelgan ko‘plab sohalarda yangi ish kuchlariga katta ehtiyot sezilmoqda. 

Urush va okkupatsiya sharoitida sifatli ma’lumotlarni yig‘ishni deyarli imkonsiz holatga keltirdi. Biroq ayollarning Ukrainaning depsinib turgan iqtisodiyotiga qilayotgan ta’siri faollashib borayotganining belgilari mavjud. Mamlakat iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga ko‘ra, Ukrainada joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan 36 ming kompaniyaning (o‘rta va kichik) 51 foizi ayollar tomonidan boshqarilmoqda. 

Ko‘plab xotin-qizlar sanoat, qurilish, tog‘-kon sohalarida mehnat faoliyatini boshlayapti. Ularning soni kun sayin ortib boryapti. «Biz qayta qurishni boshlaganimizda buni kengroq miqyosda ko‘ramiz», — deydi vazir.

Yaqin yillarda Ukraina urush faxriylari, jumladan, minglab amputantlar, jarohatlangan askarlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun shifokorlar, psixologlar armiyasiga muhtoj bo‘ladi. Shubhasiz, ushbu g‘amxo‘rlik qiluvchilarning aksariyati (agar undan ham ko‘pi bo‘lmasa) esa ayollar bo‘ladi. 

Urushdan keyin iqtisodiyotda katta o‘rin tutishi kutilayotgan energetika, transport, mudofaa sohalarining ham ayol ishchilarni jalb etishi muqarrar. Bundan qochib bo‘lmaydi.

Ternivkadagi tog‘-kon majmuasidan 600 kishi armiyaga chaqirildi. Bu kondagi umumiy ishchi kuchining o‘ndan bir qismiga teng, deydi direktor Dmitriy Zabelin. Ishchi yetishmovchiligini to‘ldirish uchun 300 nafar ayol konchilar safidan o‘rin olgan. Urushgacha ham konda ayollar ishlagan, biroq ularning hech biri yer ostida faoliyat olib bormagan. Hozir esa 100 dan ortiq ayol yer ostida — konda ishlayapti.

Oksana ko‘mirni yuqoriga olib chiqadigan konveyerni boshqaradi, unga xizmat ko‘rsatadi. Boshqa ayollar texnika, elektr xavfsizligi inspektorlari bo‘lib ishlaydi. Yelenaning turmush o‘rtog‘i sobiq konchi, hozir u Luhanskda vzvod komandiri. Uning o‘zi esa konlar orasini bog‘laydigan poyezdlarni boshqarishni o‘rgandi. Yaqindagina 18 yoshga to‘lgan Anna konchilar harakatlanadigan hudud muhofazasiga javobgar. Ternivka front chizig‘idan ancha uzoqda joylashgan, biroq hududga Rossiyaning qanotli raketalari ham yetib kelgan. «Bu o‘ta qo‘rqinchli. Biroq men yer tagida ekanman, bularni eshitmayman», — deydi Anna.

Ko‘mir qazib olish — xavfli va mashaqqatli ish. Urush esa bu holatni yanada kuchaytirib yubordi. O‘tgan qishda Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga bergan zarbalari natijasida Ternivka konchilari yuqoriga chiqish uchun 7 km yo‘l bosib, qutqaruv zinalari orqali 680 metr tepaga harakatlanishga majbur bo‘ldi. Yangi generatorlar sabab endi konchilar poyezd va liftlarni uzoqroq muddat ishlatishi, bu orqali esa osonroq yuqoriga chiqib olishlari mumkin.

Ukrainada gender tengligi bilan bog‘liq ishlar ham yetarlicha. Ayollarni ishga jalb qilish darajasi pasayib boryapti. 1990 yilda ko‘rsatkich 54 foizga teng bo‘lgan, bosqin arafasida esa raqamlar 48 foizga tushgan. Uy ishlari, turizm, ta’lim — ish haqi past bo‘lgan kasblarda ayollar ulushi haddan tashqari ko‘p. Sovet davrida ayollarning 450 xil ish bilan shug‘ullanishini taqiqlovchi (hammollikdan payvandchilikkacha) qonun mamlakatda 2017 yilga kelibgina, batamom bekor qilindi. 2018 yilda esa Ukraina harbiy sohada ham ayollar va erkaklar huquqlari teng ekanini tasdiqlovchi qonunni amalga kiritdi. Hozirda mamlakat qurolli kuchlari safida 43 mingdan ortiq ayol xizmat qiladi. Shulardan 5 ming nafari jangovar lavozimlarni band etgan.

«Ayollar o‘z ambitsiyalarini boshqa sohalarda ham amalga oshira olishi kerak», — deydi kon direktori Zabelin. Biroq u ko‘plab erkaklarning frontdan qaytmasligini, Ukraina esa urushdan keyin ham ko‘p sonli armiyani ushlab turishga majburligini qayd etib, konga ko‘proq ayollarni ishga jalb qilishdan bo‘lak imkoniyat bo‘lmasligini ta’kidladi. «Qo‘shnimiz (Rossiyani nazarda tutmoqda) hech qayerga ketmaydi», — deydi u. 

Oksana avvalgi hayoti, eski ishini sog‘inyapti, biroq yangisidan ham ketmoqchi emas. U allaqachon shovqin-suron, zimiston, changdan tortib yer ostiga uzoq vaqt tushishgachada ko‘nikib bo‘lgan. «Bu urushchalik qo‘rqinchli emas», — deydi ayol.

 

Mavzuga oid