Bayden Isroilga G‘azodagi eng katta kasalxona bo‘yicha chaqiriq bilan chiqdi
Xalqaro tashkilotlar G‘azo sektoridagi eng yirik shifoxonadagi halokatli vaziyat haqida xabar bermoqda.
AQSh prezidenti Jo Bayden 13 noyabr, dushanba kuni Isroilni G‘azo sektoridagi eng yirik shifoxona - Ash-Shifoni himoya qilishga chaqirdi. «Kasalxonaga nisbatan kamroq buzg‘unchi harakatlar bo‘lishiga umid qilaman va kutaman. Kasalxona himoyalangan bo‘lishi kerak», dedi Bayden jurnalistlarga shifoxona bilan bog‘liq vaziyatdan Isroilga xavotir bildirganmi, degan savolga. Bayden bu masala bo‘yicha «isroilliklar bilan aloqada» ekanini ta’kidladi, deb xabar beradi AFP.
Keyinroq Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Vashington Isroil bilan muloqotda klinikaning xavfsizligi masalasini ko‘targanini tasdiqladi. «Biz kasalxonalarda otishmalarni ko‘rishni istamaymiz. Bemorlar himoya qilinishini istaymiz, kasalxonalar himoya qilinishini istaymiz. Bu haqda Isroil hukumati bilan gaplashdik va ular bir xil fikrda ekanini aytdi», dedi Sallivan. AQSh harbiy harakatlarda «ko‘proq uzoqroq» pauzalarni ko‘rishni istaydi - «soatlar emas, balki kunlar bo‘lishi kerak», deya qo‘shimcha qildi u.
G‘azodagi eng yirik shifoxona ishi to‘xtab qoldi
G‘azo sektorida Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) va HAMAS guruhi o‘rtasidagi shiddatli janglar natijasida qirg‘oqbo‘yidagi eng yirik Ash-Shifo kasalxonasining faoliyati to‘xtab qoldi. Bu haqda 12 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi. JSST rahbari Adhanom Gebreyyesusning aytishicha, klinikadagilar uch kundan beri elektr va suvsiz o‘tiribdi, u yerdagi vaziyat o‘ta xavfli tus olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar orasida o‘lim holatlari keskin oshgan. Yuzlab kasallar, shuningdek, kasalxona hududidan boshpana izlagan minglab odamlar frontlar orasida tuzoqqa tushib qolgan. Kasalxona majmuasi so‘nggi kunlarda qayta-qayta o‘qqa tutilgan. «Chegara bilmas shifokorlar» xayriya tashkiloti klinikadagi vaziyatni «halokatli» deb atadi.
Klinikaga yonilg‘i yetkazib berilmayapti
Shu bilan birga, Isroil harbiylari tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlarni quvvatlantiradigan favqulodda generator uchun kasalxonaga 300 litr yonilg‘i yetkazib berishganini, bu harakatlarni klinika vakillari bilan kelishib olganini xabar qildi. Ammo, ularning iddao etishicha, HAMAS kasalxonaga bundan ortiq yonilg‘i yetkazishga go‘yoki ruxsat bermagan.
G‘azo sektoridagi yana bir kasalxona - Al-Quds generatorlar uchun yonilg‘i yetishmasligi sababli faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, deya ma’lum qildi Falastin Qizil yarim oy jamiyati. TsAHAL Ash-Shifo klinikasiga hujumlar bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti va HAMAS jangchilari uning binolari va ular ostidagi tunnellarda yashiringaniga ishora qilyapti. 13 noyabr kuni ertalab HAMAS vakillari G‘azo sektori shimolidagi barcha shifoxonalar ishlamayotgani to‘g‘risida e’lon qildi.
O‘z navbatida, 12 noyabr oqshomida Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroilni tinch aholi hayotini himoya qilish uchun «maksimal darajada vazminlik» ko‘rsatishga chaqirdi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
09:31 / 15.11.2024
Yevropa Baydendan ketishidan oldin Ukrainaga yordamni oshirishni so‘ramoqda
21:08 / 14.11.2024
Prezidentlar uchrashuvi: Bayden va Tramp Oq uyda ikki soat gaplashdi
09:40 / 14.11.2024
Bayden Trampga: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash AQSh manfaatlariga javob beradi
21:45 / 13.11.2024