O‘zbekiston | 20:21 / 14.11.2023
11152
3 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonga jalb qilingan xorijlik til o‘qituvchilari bilan uchrashdi

Bu yil O‘zbekistonga ilk marta xorijdan ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarni o‘rgatuvchi 500 dan ziyod malakali o‘qituvchi jalb etildi. 14 noyabr kuni Toshkentda ulardan bir guruhi bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Uchrashuvda xorijlik pedagoglar bilan birgalikda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

“Ilmli, o‘ziga ishongan, munosib avlodni tarbiyalashni maqsad qilgan ekanmiz, bizga ikkita narsa: ona tilimizga muhabbat va xorijiy tillarni puxta o‘rganish kerak.

Chet tilini bilish – dunyo sarhadlari, global axborot eshiklarini ochish, yangi bilimlarni egallash kalitidir”, – deya yozdi Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik til o‘rgatuvchi pedagoglar bilan hamkorlik natijasida “bolalarimiz eng yaxshi ustozlardan saboq olish, o‘qituvchilarimiz zarur mahorat darslarida o‘z bilimini oshirish imkoniga ega bo‘ladi”, O‘zbekistonda esa “hech qanday chegara bilmaydigan bilimli avlod yetishib chiqadi”.

“Yoshlar ta’limiga sarmoya – yanada yaxshiroq kelajak uchun sarmoyadir!” – deya ta’kidladi O‘zbekiston prezidentining yordamchisi.

Bu loyiha doirasida taklif etilgan 500 dan ortiq o‘qituvchilar maktablarda dars beradi, shuningdek, mahalliy o‘qituvchilar bilan tajriba almashadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga ko‘ra, bugungi uchrashuvda xorijdan taklif etilgan o‘qituvchilar hamda xorijiy hamkorlar bilan loyihani amalga oshirish jarayonlari va kelgusidagi rejalar muhokama qilingan.

“Hamkorlarimiz – AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi vakillari, shuningdek, YuNeSKO, YUNISEF, USAID, Britaniya kengashi, Fransiya alyansi, Gyote instituti mutaxassislari bilan birgalikda mahalliy va xorijiy pedagoglarimizning fikrlariga quloq tutdik. Hamkorlarimiz tomonidan O‘zbekistonda chet tillarini o‘qitishni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar berildi.

Uchrashuv yakunida chet tillarini o‘qitishni takomillashtirish va hamkorlik qilishga qaratilgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi”, – deya ma’lum qildi vazir.

 

Mavzuga oid