AQSh va Xitoy rahbarlari muzokara o‘tkazish uchun San-Fransiskoga yetib keldi
AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida uchrashadi. Bu Xitoy rahbarining 2017 yildan beri AQShga ilk tashrifidir.
15 noyabr, chorshanba kuni San-Fransiskoda AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping shaxsiy uchrashuvi o‘tkazadi, bu ularning so‘nggi bir yildagi ilk uchrashuvi bo‘ladi va ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik keskinlashgan vaqtda bo‘lib o‘tadi. Muzokaralar Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida o‘tkaziladi, ular shaharning aniq qayerida tashkillashtirilishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Xitoyning Xinhua axborot agentligi xabariga ko‘ra, Xitoy rahbari Amerika g‘arbidagi shaharga kecha kechqurun yetib kelgan. Shu kuni Oq uy rahbarining samolyoti San-Fransiskoga qo‘ndi. Bu Si Jinpingning 2017 yildan beri AQShga ilk tashrifidir.
Sammit ishtirokchi davlatlariga jahon iqtisodiyotining beshdan uch qismi to‘g‘ri keladi
APEC sammitida AQSh va Xitoydan tashqari yana o‘n to‘qqiz davlat vakillari ishtirok etadi. Ishtirokchi davlatlar umumiy ulushi jahon iqtisodiyotining 60 foizini tashkil qiladi, deya qayd etadi AFP.
AQSh Davlat departamentining APEC’dagi yuqori martabali rasmiy vakili Mett Myurreyga ko‘ra, Rossiyadan sammitda G‘arbning, jumladan, Yevropa Ittifoqining turli sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchuk qatnashadi. Shu bilan birga, Overchuk Rossiyaning aksariyat yuqori rahbariyatidan farqli o‘laroq, AQSh sanksiyalari ostida emas.
AQSh prezidenti uchrashuv bo‘yicha o‘z umidlari bilan bo‘lishdi
Seshanba kuni ertalab Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar Xitoydan uzoqlashmoqchi emas, balki munosabatlarni yaxshilashni xohlayotganini aytdi. «Biz Xitoydan uzoqlashishga harakat qilmayapmiz. Biz munosabatlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishga intilyapmiz», dedi u San-Fransiskoga uchishidan biroz oldin Oq uyda jurnalistlarga.
«Uchrashuvda nimaga erishmoqchisiz?» degan savolga, Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti «normal munosabatlarga qaytishni, inqiroz paytida telefonni ko‘tarib, o‘zaro gaplasha olishni; (harbiy) kuchlar hali ham aloqada ekaniga ishonch hosil qilishni», deb javob qaytardi.
Mutaxassislar Vashington va Pekin munosabatlari tiklanishini kutmayapti
Reuters agentligi bilan suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti yetakchilari bir-birini o‘n yildan ortiq vaqtdan beri biladi va Bayden inauguratsiyasidan keyin bo‘lib o‘tgan oltita uchrashuv davomida bir necha soat muzokaralar olib borgan. Ularning uchrashuvida global muammolar, jumladan, Yaqin Sharqdagi mojaro, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan aloqalari, Tayvan, inson huquqlari, sun’iy intellekt, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Xususan, Bayden Xitoyni Yaqin Sharqdagi mojaroni kengaytirmaslik uchun Eronga ta’siridan foydalanishga undashi kutilmoqda. Biroq, ekspertlarning hech biri munosabatlar tiklanishini yoki mamlakatlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartiradigan yirik bitimlar imzolanishini kutmayapti. «Biz hali ham uzoq davom etayotgan raqobat va keskinlik holatidamiz, - dedi Vashingtonda joylashgan Yangi Amerika xavfsizligi markazi (CNAS) xodimi Richard Fonteyn. - Hech qanday katta yutuqlar bo‘lmaydi, mohiyatning haqiqiy o‘zgarishi yuz bermaydi».
Mavzuga oid
05:07
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
12:44 / 17.11.2024
«Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz». Bayden va Jinping Peruda uchrashdi
09:31 / 15.11.2024
Yevropa Baydendan ketishidan oldin Ukrainaga yordamni oshirishni so‘ramoqda
21:08 / 14.11.2024