O‘zbekiston | 13:32 / 15.11.2023
5369
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida aholi uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holati aniqlandi

Pskent tumanida kuz-qish mavsumida aholi ehtiyoji uchun imtiyozli narxda sotish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holati aniqlandi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Pskent tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Mahkama xabariga ko‘ra, unda "Ko‘mir ta’minot" MChJning Toshkent viloyati filiali rahbari S.I., ombori mudiri F.X. va boshqalar 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumida aholi ehtiyoji uchun imtiyozli narxda sotish uchun ajratilgan 794,2 tonna ko‘mirni Pskent tumani aholisiga yetkazib bermasdan, qalbaki yuk xatlarini rasmiylashtirish orqali talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid