Jahon | 00:24 / 16.11.2023
9472
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushga bevosita aralashmoqchi emas – OAV

HAMAS hujumi Eron va uning ittifoqchilari uchun mutlaqo kutilmagan voqea bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Reuters

Eron Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushga bevosita aralashishni rejalashtirmaydi, ammo guruhni «siyosiy va ma’naviy» qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Reuters ikki tomon vakillariga tayanib xabar berdi.

Qayd qilinishicha, noyabr oyi boshida Tehronda HAMAS rahbari Ismoil Haniya bilan uchrashuvda Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy unga qarata: «Siz bizni 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qilishingiz haqida ogohlantirmadingiz va biz sizning nomingizdan bu urushga bormaymiz», deb aniq aytgan.

HAMAS harakatidagi manbaga ko‘ra, uchrashuvda Eron rahbari o‘z suhbatdoshiga Eronni va Livandagi «Hizbulloh» guruhini Isroilga qarshi kurashga qo‘shilishga chaqirayotgan falastinliklarning ovozini o‘chirishni so‘rab, bosim o‘tkazgan. Qayd etilishicha, «Hizbulloh» ham HAMAS hujumidan bexabar bo‘lgan.

Shunga qaramay, Eron hamon o‘zining qurolli guruhlari tarmog‘idan, jumladan, «Hizbulloh»dan Isroil va Amerikaning Yaqin Sharqdagi nishonlariga raketa va dronlar hujumi uchun foydalanishda davom etish niyatida, deydi manbalar.

«Strategiya G‘azodagi HAMAS bilan birdamlikni ko‘rsatish va Isroil qo‘shinlarini chalg‘itishdan iborat. Ammo Qo‘shma Shtatlarni mojaroga jalb qilmaslik uchun Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga kirishilmaydi», degan manbalar.

Mavzuga oid