Jahon | 22:08 / 16.11.2023
15570
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidentining qaynonasi bir yilga qamaldi 

Oliy sud hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha Choy In Sunga chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Foto: Yonhap

16 noyabr kuni Janubiy Koreya Oliy sudi amaldagi prezident Yun Sok Yol qaynonasini yer oldi-sotdi bitimida foydalanilgan moliyaviy hujjatni qalbakilashtirgani uchun berilgan bir yillik qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda Yonhap xabar berdi. 

Birinchi xonim Kim Kyong Xining 76 yoshli onasi Choy In Sun 2013 yilda Seul janubidagi Seongnam shahridan ko‘chmas mulk sotib olish uchun soxta bank ko‘chirmasidan foydalanganlikda aybdor deb topildi. Soxta hujjatda u o‘sha yilning aprel oyidan oktyabrigacha omonat hisobvarag‘iga 34,9 milliard von (26,7 million AQSh dollari) qo‘yganini ko‘rsatgan. 

2021 yil dekabr oyida Seul shimolidagi Uyjyeongbu tuman sudi Choyni aybdor deb topib, shartli ravishda 1 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. 

Ammo apellyatsiya sudi uni bir yilga haqiqiy qamoq jazosiga hukm qildi va shu yilning iyul oyida hibsga olish haqida buyruq chiqardi. Shundan so‘ng, Choy hukmdan norozi bo‘lib, Oliy sudga murojaat qilgan edi. 

O‘z navbatida Oliy sud quyi sudning Choyga nisbatan hukmida huquqiy tamoyillarni noto‘g‘ri tushunish yo‘qligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid