Jahon | 11:46 / 17.11.2023
5198
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiyalik yuk tashuvchilar Ukraina chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘ydi

Polyaklar ortidan slovakiyalik yuk mashina haydovchilari ukrainalik raqobatchilarga qo‘yilgan talablar yumshatilgani sababli norozilik bildirmoqda.

Foto: Radovan Stoklasa/REUTERS

16 noyabr, payshanba kuni Slovakiya transport kompaniyalari Ukraina transport kompaniyalarining adolatsiz raqobatiga norozilik sifatida yuk mashinalari uchun Ukraina bilan yagona chegara o‘tish punktini to‘sib qo‘ydi, deya xabar bermoqda dpa.

«Ujgorod-Vyshne Nemetskoye» nazorat-o‘tkazish punktida slovakiyalik yuk tashuvchilarning mitingi bo‘lib o‘tdi. «Unas» transport assotsiatsiyasi rahbari Stanislav Skalaning so‘zlariga ko‘ra, norozilik shuningdek, Polsha-Ukraina chegarasida xuddi shunday blokada uyushtirgan polshalik hamkasblar bilan birdamlik namoyishi sifatida o‘tkazilgan.

Skala blokadani «ehtiyotkorlik» deb atadi, chunki harakat dastlab bir soat bilan cheklangan edi. Yuk tashuvchilar, agar ularning talablari bajarilmasa, doimiy blokada bo‘lishi mumkinligi, shu jumladan yengil avtomobillar uchun ham amal qilishi to‘g‘risida ogohlantirmoqda.

Ukraina yuk mashinalari haydovchilari uchun imtiyozlar

Slovakiyalik yuk tashuvchilar, polshalik hamkasblari singari, Ukraina yuk mashinalarining Yevropa Ittifoqiga kirishiga majburiy ruxsatnomalar tiklanishiga erishmoqchi. Rossiya Ukrainaga kirganidan keyin Yevropa Ittifoqi Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu ruxsatnomalarni bekor qildi. Ushbu chora dastlab bir yilga amal qilgan, biroq o‘tgan yozda u 2024 yilning iyunigacha uzaytirilgan edi.

Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlarning transport kompaniyalari Ukrainaning arzonroq tashuvchilari bilan raqobatlasha olmaydi, ularning soni ruxsat berish talablari yo‘qligi sababli keskin oshdi.

Shu hafta boshida Polshadan norozilik bildirgan yuk mashinalari haydovchilari delegatsiyasi Ukraina va Polsha hukumatlari vakillari bilan uchrashdi. «Biz kelishuvga erishmadik. Ukraina tomoni bizning talablarimizni inobatga olmayapti», dedi Polsha chegarasidagi Dorogusk shahrida norozilik namoyishi yetakchilaridan biri ijtimoiy tarmoqlarda.

Mavzuga oid