Jahon | 12:41 / 18.11.2023
6772
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyev: Rossiya 2300 dan ortiq ukrainaliklarni asirda ushlab turibdi

Hukumat komissiyasi Rossiyada 4337 nafar Ukraina fuqarosi asirga olingani, ulardan 3574 nafari harbiy va 763 nafari tinch aholi ekanini aniqlanganini ma’lum qildi. Ulardan 1953 nafari asirlikdan ozod etilgan.

Foto: War/Handout/REUTER

Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2,3 mingdan ortiq Ukraina fuqarosi hamon Rossiyada asirlikda. Bu haqda 17 noyabr, juma kuni Kiyevda Reintegratsiya vazirligida bo‘lib o‘tgan komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum bo‘ldi. «Ozodlikdan mahrum qilish fakti 4337 nafar kishi (3574 nafar harbiy va 763 nafar fuqaro)ga nisbatan aniqlanib, ulardan 1953 nafari asirlikdan ozod etilgan», — deyiladi vazirlik saytida Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk raisligidagi komissiya ishining oraliq yakunlari bo‘yicha.

2022 yil 19 noyabrda tuzilgan komissiya tarkibiga 18 kishi (shundan 5 nafari jamoat tashkilotlari vakillari) kiradi. Bugungi kunga qadar komissiyaning 8 ta yig‘ilishi o‘tkazildi. Ularning natijalariga ko‘ra, tegishli ma’lumotlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari natijasida erkinlikdan mahrum qilinganlik fakti aniqlangan shaxslarning yagona reyestriga kiritiladi. Reyestr ma’muri, xabarda ko‘rsatilishicha, Reintegratsiya vazirligi boshqaruviga kiruvchi Milliy axborot byurosi hisoblanadi. 

Natijalarga ko‘ra, Reintegratsiya vazirligi bir martalik va yillik davlat pul yordamini to‘laydi. Shu tariqa, joriy yil boshidan beri asirlikdan ozod qilingan odamlarga, shuningdek, harbiy asirlar, garovga olinganlar va siyosiy mahbuslarning oilalariga 422 million grivna (taxminan 11 million yevro) to‘langan. 

Yozdan beri mahbuslar almashinuvi to‘xtatilgan 

Ukraina va Rossiya o‘rtasida oxirgi marta mahbuslar almashinuvi 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Ukraina yana 22 nafar himoyachini Rossiya asirligidan qaytardi. Ukraina Oliy radasining Inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinets aytishicha, bu Rossiya harbiy harakatlari boshlanishidan buyon 48-almashinuvdir. 

Lubinetsning so‘zlariga ko‘ra, ba’zida unda Rossiya tomoni asirga olingan rossiyaliklarga «umuman qiziqmaydi» degan taassurot uyg‘onadi. «Ba’zan rossiyaliklar uchun o‘zlarining harbiy asirlaridan ham, ukrainalik harbiy asirlarning qarindoshlaridan ham foydalanish qiziqroqdir, lekin biznikilarni uyiga qaytarish mavhum masala bo‘lib qolyapti», dedi u. 

Ukrainada harbiy asirlar uchun yangi lager ochilyapti 

Noyabr oyi boshida Kiyev rossiyalik harbiy asirlar uchun ikkinchi lager tayyorlayotgani ma’lum bo‘ldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 300 nafar harbiy asirga mo‘ljallangan yangi «Zapad-2» lageri Moldova bilan chegaradagi Vinnitsa viloyatida joylashadi. 

Avvalroq Lviv viloyatidagi «Zapad-1» lagerida 600 ga yaqin joy borligi xabar qilingan edi. Taslim bo‘lgan rossiyaliklarning aniq soni noma’lum. O‘z navbatida, Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada 500 dan ortiq rossiyalik askarlar harbiy asir sifatida saqlanmoqda. 

Dmitriy Lubinetsga ko‘ra, urush paytida deyarli 2600 harbiy asirlar va tinch aholi Moskvadan Kiyevga topshirilgan, bu Reintegratsiya vazirligi huzuridagi komissiya ma’lumotlaridan biroz farq qiladi, Rossiya esa buning evaziga noma’lum miqdordagi harbiy asirlarni olgan.

Mavzuga oid