Jahon | 15:09 / 18.11.2023
6014
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriya hukumati YeI bilan kelishmovchiliklar bo‘yicha so‘rov o‘tkazmoqda

Budapesht Yevropa Ittifoqini tanqid qilish va «mamlakat suverenitetini himoya qilish» shiori ostida siyosat olib borish uchun fuqarolar qo‘llab-quvvatlovini olishga harakat qilmoqda. 

Foto: Picture Alliance

Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning o‘ng konservativ hukumati 17 noyabr, juma kuni fuqarolar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi, uning maqsadi mamlakatni Yevropa Ittifoqining taklif etayotgan siyosatidan «himoya qilish» ekani aytilmoqda. Boshqa narsalar qatorida, anketa migratsiya, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi ehtimoli va unga harbiy yordam ko‘rsatish masalalariga ham tegishli. Har bir savol uchun respondentlar faqat ikkita javobga ega: yoki Vengriya hukumati pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash yoki taklif qilingan Yevropa Ittifoqi liniyasini tanlash

So‘nggi paytlarda Bryussel va Budapesht o‘rtasida Vengriya siyosati, iqtisodiyoti va xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ko‘plab kelishmovchiliklar yuzaga keldi, dedi hukumat matbuot kotibi Aleksandra Sentkirayi so‘rovni izohlar ekan. 

Savollarda Yevropa Ittifoqining harakatlari tanqid qilingan 

«Bryussel Vengriyada muhojirlar uchun getto yaratmoqchi. Bu haqda qanday fikrdasiz?» - deyiladi Vengriya hukumatining Facebook sahifasida e’lon qilingan «Suverenitetimizni himoya qilish bo‘yicha milliy maslahatlashuvlar» sotsiologik tadqiqotining 11 savolidan birida. 

So‘rovda migratsiya siyosatidan tashqari, Vengriya bilan keskin munosabatlarga ega bo‘lgan Ukrainadagi urush, xususan, Karpatorti mintaqasidagi venger ozchiligining huquqlari haqida ham so‘z boradi. Respondentlardan «Bryussel Ukrainaga ko‘proq qurol va pul bermoqchi» yoki «Bryussel Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini xohlaydi» degan pozitsiyaga qanday munosabatda ekani haqida so‘ralgan. 

Oxirgi savolda «Bryussel va xorijdagi pullar» Vengriya siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun sarflanayotgani aytiladi. Avvalroq Vengriya hukumati «mamlakat suverenitetini chet el aralashuvidan himoya qilishga» qaratilgan qonun ishlab chiqayotganini ma’lum qilgandi. 

So‘rov Orban siyosatini qonuniylashtirish vositasi sifatida 

2015 yildan beri Vengriya hukumati doimiy ravishda sotsiologik tadqiqotlardan foydalanib, o‘z pozitsiyasini aholining fikri bilan qo‘llab-quvvatlab keladi hamda Yevropa Ittifoqi siyosatini tanqid qiladi. 2022 yildagi so‘nggi bunday so‘rov Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga bag‘ishlandi. So‘rov qonuniy kuchga ega emas. Biroq, Viktor Orbanning aytishicha, uning hukumati tadqiqot orqali o‘z siyosati omma tomonidan tasdiqlanishini ko‘rishi mumkin. 

Budapesht ko‘p yillar davomida migratsiya, qonun ustuvorligi kabi ko‘plab masalalar bo‘yicha Yevropa komissiyasi bilan kelisha olmayapti. Oktyabr oxirida Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Viktor Orban: «Biz migrantlar yoki Ukraina uchun pul sarflashni xohlamaymiz», dedi. Vengriya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi ehtimolini tanqid qilmoqda. Qolaversa, u ham Slovakiya kabi Yevropa Ittifoqining Kiyevga yangi 50 milliardlik yordamini bloklamoqda. 

Mavzuga oid