Jahon | 10:37 / 19.11.2023
20602
15 daqiqa o‘qiladi

SSSR tomonidan NATOga qarshi tuzilgan harbiy blok – uzoq yashamagan Varshava shartnomasi tashkiloti tarixi

NATO tuzilganidan so‘ng bir necha yil o‘tib SSSR Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar bilan birgalikda unga qarshi harbiy blok tuzadi. So‘ng GDR, Polsha, Chexoslovakiya, Vengriya, Bolgariya va Ruminiyada harbiy bazalar ochib, ularga millionga yaqin sovet harbiylari joylashtiriladi. Bor-yo‘g‘i 35 yil yashagan bu harbiy blok SSSR parchalanishidan biroz avval tarqab ketadi.

Fotokollaj: Kun.uz

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng dunyodagi geosisiy vaziyat birdaniga o‘zgaradi. Kechagina ittifoqchi bo‘lib yurgan davlatlar – SSSR va AQSh o‘rtasida keskin raqobat paydo bo‘ladi.

Aslida bu raqobat keskin bo‘lmasligi ham mumkin edi. Podstam konferensiyasida sovetlar o‘zlari ozod qilgan Sharqiy Yevropa davlatlarini ta’sir doiralarida ushlab qolishlarini ma’lum qiladi.

Shunda AQSh, Britaniya va Fransiya rahbarlari Stalindan hech bo‘lmaganda Polshani o‘z holiga qo‘yishni va quvg‘inlikda yurgan polyak hukumatining Varshavaga qaytishiga ruxsat berishini so‘rashadi. Biroq rad javobini olishadi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropa xaritasi jiddiy o‘zgaradi

Ana shu joyda Amerika va Britaniya o‘zlariga jiddiy raqib paydo bo‘lganini tushunib yetadi. Shundan so‘ng Germaniyani, Koreya yarimorolini, Xitoyni, keyinchalik Hindixitoyni kommunistlar egallab olmasligi uchun harakat qilishadi.

Germaniya va Koreya yarimorolining yarmini o‘z qo‘l ostida saqlab qolgan G‘arb qisman o‘z maqsadlariga erishadi va Xitoy hamda Hindixitoy masalasida mag‘lub bo‘ladi.

Shu tariqa 1940-yillargacha ancha qoloq bo‘lib yurgan SSSR ikkinchi jahon urushidan keyin uning asosiy g‘olibi sifatida katta sahnaga chiqadi va o‘z ta’sir doirasiga olgan hududlar – Sharqiy Yevropa davlatlari, Mo‘g‘uliston, Xitoy hamda Shimoliy Koreyada kommunistik tuzum o‘rnatadi.

Oxir-oqibat kapitalistik dunyoga qarshi bo‘lgan ikkinchi qutb – sotsialistik lager shakllanadi va SSSR unga bosh bo‘ladi. Keyinchalik sotsialistik lager kengayib, avval Kubada, 10 yillik (1965-1975) urushdan so‘ng Vetnam va Laosda ham kommunistik tuzum o‘rnatiladi.

Sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar (Xaritada keyinroq kommunistik tuzum o‘rnatilgan Germaniya demokratik respublikasi, Laos va Kuba ko‘rsatilmagan)

SSSR sotsialistik qutb lideri bo‘lar ekan, har jabhada AQShga raqobat qila boshlaydi. Amerikadan so‘ng ikkinchi bo‘lib atom bomba yaratiladi.

1949 yilda AQSh boshchiligida g‘arbliklar NATO harbiy blogi tuzishadi. Ko‘p o‘tmay 1955 yilda unga qarshi SSSR boshchiligida sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar tomonidan harbiy blok tuziladi. Bu harbiy blok Varshava shartnomasi tashkiloti deb atalgan.

NATOning tuzilishi va kengayishi

1949 yil 4 aprelda AQSh, Kanada va Yevropaning 10 ta davlati tomonidan NATO (North Atlantic Treaty Organization – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi) tuzilgani e’lon qilinadi.

Tashkilotni tuzish g‘oyasi 1947 yilda AQSh prezidenti Harri Trumen tomonidan ilgari surilgan. NATOning ilk ta’sischilari Yevropadan Belgiya, Britaniya, Daniya, Islandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya va Fransiya, okean ortidan AQSh va Kanada a’zo bo‘lishadi.

1952 yil tashkilotga Gretsiya va Turkiya, 1955 yilda GFR, 1982 yilda Ispaniya qo‘shiladi. 1991 yilda SSSR parchalanishi arafasida sotsialistik lager ham tarqab ketadi. Shundan so‘ng Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlar NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshiradi.

Tashkilotga 1999 yilda Vengriya, Polsha, Chexiya, 2004 yilda Bolgariya, Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Estoniya, 2009 yilda Albaniya va Xorvatiya, 2017 yilda Chernogoriya, 2020 yilda Shimoliy Makedoniya a’zo bo‘ladi.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach ruslar bilan chegaradosh bo‘lgan Finlandiya ham ariza topshirdi va 2023 yil 4 aprel kuni NATOga a’zo bo‘ldi. Shu tariqa unga a’zo bo‘lganlar soni 31 taga yetdi.

Xaritada ko‘k rangda NATOga a’zo davlatlar ko‘rsatilgan

Finlar bilan birga ariza topshirgan Shvetsiyaga Turkiya qarshilik ko‘rsatib kelmoqda. Biroq yaqin orada Shvetsiya ham tashkilot a’zosi bo‘lishiga shubha yo‘q.

Tashkilot nizomi 14 ta bo‘limdan iborat. Undagi eng muhimlaridan bo‘lgan 5-bo‘limda «Tashkilotga a’zo davlatlardan biriga hujum qilinsa, bu holat tashkilotning boshqa a’zolariga ham agressiya qilingan deb baholanadi va javob choralari ko‘riladi», deb yozilgan.

O‘sha paytda bu tashkilotni tuzishdan maqsad Yevropani ikkinchi jahon urushidan keyin harbiy salohiyati nihoyatda kuchayib ketgan SSSRdan himoya qilish bo‘lgan.

Tashkilot nima maqsadda tuzilgani hech qachon sir saqlanmagan va bu haqda har doim oshkora gapirilgan. Masalan, 2009-2014 yillarda NATO bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan daniyalik siyosatchi Anders Fog Rasmussen alyans SSSRning Yevropaga ehtimoliy tajovuzlari oldini olish uchun tashkil etilganini aytgandi.

«NATO dunyodagi vaziyat ancha xavfli bo‘lib turgan paytda tuzilgan edi. SSSRning Yevropaga ta’siri kuchayib borar ekan, o‘shanda 12 ta davlat nafaqat xavfsizlik uchun, balki insoniyat uchun eng asosiy qadriyatlar – erkinlik, demokratiya, inson huquqlari kafolatlari, qonun ustuvorligini himoya qilish uchun birlashdilar», degan edi u.

NATO harbiy bazalari va alyansga tegishli harbiy guruhlar joylashgan joylar raqamlar bilan ko‘rsatilgan

Varshava shartnomasi tashkilotining tuzilishi

1949 yilda NATO tashkil etilar ekan, 1954 yil SSSR ham hamkorlik qilish uchun tashkilotga murojaat qiladi, ammo bu taklif a’zo davlatlar tomonidan rad etiladi. Shundan so‘ng SSSR sotsialistik davlatlar ishtirokida harbiy blok tuzishga qaror qiladi.

Bu harbiy blokning tuzilishiga boshqa bir jiddiy sabab ham bor edi. O‘sha paytda Sharqiy Yevropa davlatlarida SSSRning juda katta armiyasi joylashtirilgan va ular xalqaro qoidalarga zid ravishda saqlanayotgandi.

SSSR o‘z harbiylarini joylashtirish uchun ularning birontasi bilan alohida kelishuvga ega emasdi. Sovet harbiylari shunchaki nemis-fashistlardan qutqargan «xaloskor armiya» sifatida turgandi.

SSSR Sharqiy Yevropa davlatlari bilan harbiy blok tuzib, o‘z armiyasining ular hududida turishini legallashtirib qo‘yishni xohlardi. O‘sha paytlarda Sharqiy Yevropa davlatlarini SSSRga vassal bo‘lgan qo‘g‘irchoq hukumatlar boshqarar va Moskva ularga gapini o‘tkaza olardi. Shu uchun ham harbiy blok tuzishda muammolar bo‘lmaydi.

1955 yil 14 may kuni SSSR, Albaniya, Bolgariya, Vengriya, GDR, Polsha, Ruminiya va Chexoslovakiya delegatsiyalari Varshava shahrida yig‘ilishadi. O‘shanda Polsha poytaxtiga davlat rahbarlaridan tashqari barcha yig‘iladi.

Masalan, asosiy tashkilotchi SSSR bo‘lgani uchun sovet delegatsiyasi tarkibida SSSR TIV rahbari Vyacheslav Molotov, Ministrlar sovet raisi Nikolay Bulganin, Mudoofa vaziri Georgiy Jukov, Marshal Ivan Konevlar bor edi.

Marshal Ivan Konev, SSSR Tashqi ishlar vaziri Vyacheslav Molotov, Ministrlar soveti raisi Nikolay Bulganin va Mudofaa vaziri marshal Georgiy Jukov Varshavada shartnomani imzolash vaqtida, 1955 yil 14 may
Foto: alamy.com

Tashkilotda tomonlarning ishtiroki, harbiy bazalarning joylashuvi moddiy va harbiy ta’minot kabi masalalar kelishib olingandan so‘ng yuqorida nomlari keltirilgan 8 ta davlat tomonidan «Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida» shartnoma imzolanadi.

1955 yil 5 iyungacha ishtirokchi barcha davlatlar ratifikatsiya qilgach shartnoma kuchga kiradi. Shu tariqa yangi harbiy blok paydo bo‘ladi. Bu harbiy blokning asosiy harbiy va moddiy ta’minotchisi SSSR edi.

O‘sha paytda Stalin qoralangani uchun SSSRdan arazlab yurgan Yugoslaviya rahbari Iosif Broz Tito harbiy blokka qo‘shilmasligini ma’lum qiladi. Xitoy esa kuzatuvchi maqomini oladi.

Shartnoma 12 ta qismdan iborat bo‘lib, uning asosiy bandida shartnomani imzolagan davlatlardan birontasiga tashqi dushman hujum qilsa, unga o‘zini himoya qilishi uchun harbiy ko‘mak berish nazarda tutilgandi.

Bunday band NATOda ham bor. Ma’lumot uchun, SSSR tarqab ketgandan so‘ng Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida ham shunday band kiritilgan.

Shartnoma bandlarida harbiy blokning shtab-kvartirasi Moskvada bo‘lishi, turli masalalar bo‘yicha qarorlar Siyosiy maslahatlashuv qo‘mitasi tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgandi.

Varshava shartnoma tashkilotiga a’zo davlatlar qizil chiziqda ko‘rsatilgan

Shundan so‘ng SSSR shartnomani imzolagan davlatlarda harbiy bazalar qura boshlaydi. Shuningdek, Sharqiy Yevropadagi sotsialisik lagerga kiruvchi davlatlardagi harbiylar sonini keskin oshiradi.

Jumladan, GDRga qariyb 400 ming (keyinchalik ularning soni yarim million nafargacha oshiriladi), Chexoslovakiyaga 80 ming, Polshaga 40 ming, Vengriyaga 70 ming sovet harbiylari joylashtiriladi.

Shu tariqa SSSR rahbariyati NATOga qarshi turish uchun har yili Sharqiy Yevropa davlatlariga joylashtirilgan harbiylar uchun milliardlab rubl sarflay boshlaydi.

Harbiy blokning barcha rahbarlari faqat SSSRdan tayinlangan. Ular quyidagilar edi:

  • Marshal Ivan Konev – 1955-1960 yillarda rahbarlik qilgan;
  • Marshal Andrey Grechko – 1960-1967 yillarda rahbarlik qilgan;
  • Marshal Ivan Yakubovskiy – 1967-1976 yillarda rahbarlik qilgan;
  • Marshal Viktor Kulikov – 1977-1989 yillarda rahbarlik qilgan;
  • General Petr Lushev – 1989-1991 yillarda rahbarlik qilgan.

VShT qatnashgan harbiy harakatlar

Varshava shartnomasi tashkiloti harbiylari ilk bor, harbiy blok tuzilgandan bir yil o‘tib Vengriyada sodir bo‘lgan xalq harakatini bostirishda qatnashgan edi.

1955 yilda VShT tuzilgandan so‘ng G‘arb davlatlari SSSRdan Avstriyada turgan 50 ming harbiyni olib chiqishni talab qilishadi. Moskva o‘sha qo‘shinni SSSRga emas, Vengriyaga joylashtirishga qaror qiladi.

Sovetlarning bu qaroriga vengr xalqi qarshi chiqadi va namoyishlar boshlanib ketadi. Budapeshtga sovet armiyasi kiritiladi va namoyishlar qurolli to‘qnashuvga aylanadi.

VShT tarkibida bo‘lgan sovet harbiy texnikalari Budapeshtda, 1956 yil
Foto: lovely0smile.com

Ko‘p o‘tmay Vengriya hukumati hamda armiyasi ham qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tganini e’lon qiladi va Moskvaga o‘z qo‘shinlarini Vengriyadan olib ketish talabi qo‘yiladi.

O‘shanda SSSR vengrlarga yon bersa, Sharqiy Yevropadagi boshqa davlatlar ham ozodlik talab qilishi mumikn edi. Shu sababli vengrlar qo‘zg‘oloni ayovsiz bostiriladi.

Qo‘zg‘olonchilarga qarshi janglarda sovet armiyasi bilan birga VShTga a’zo davlatlar harbiylari ham qatnashadi. Vengriyaga sovetlar tomonidan qo‘yilgan qo‘g‘irchoq rahbar tashkilotga murojaat bilan chiqadi. VShT bunga javoban Vengriyaga o‘z harbiylarini yuboradi.

VShT harbiylari keyinchalik 1965-1975 yillarda davom etgan Vetnam urushida ham shimolliklar tomonida turib qatnashadi.

1968 yilda Chexoslovakiya poytaxti Praga shahrida sovetlarga qarshi namoyishlar boshlanadi. Chexlar kommunistik rejimdan voz kechish va erkin bozor munosabatlariga o‘tib, G‘arb bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni talab qilib chiqadi.

VShT tarkibida bo‘lgan sovet tanklari Praga ko‘chalarida
Foto: www.guardian.co.uk

1956 yilda Vengriyada bo‘lgani kabi darhol mamlakat poytaxti Pragaga sovet qo‘shinlari kiritiladi. Poytaxt aeroporti egallab olinadi va Pragaga qo‘shimcha tarzda sovet armiyasi va VShTga a’zo davlatlar harbiylari kiritiladi.

O‘shanda sovetlarning bu ishiga Albaniya qarshi chiqadi va o‘z harbiylarini Chexoslovakiyaga yubormaydi. Praga qonga botirilgandan so‘ng albanlar VShTdan chiqishlarini e’lon qilishadi va tashkilot doirasida harbiy hamkorlikni butunlay to‘xtatishadi.

Harbiy blokning tarqab ketishi

1985 yilda Konstantin Chernenko vafot etadi va SSSRga Mixail Gorbachyov rahbar bo‘ladi. Shundan so‘ng sovet ittifoqida islohotlar boshlanadi.

Ko‘p o‘tmay Afg‘oniistondan sovet armiyasi olib chiqilishi e’lon qilinadi. Mamlakatda e’tiqod erkinligi beriladi. 1980-yillar oxirida kommunistik tuzum yakkahokimligidan voz kechish masalasi ko‘tariladi.

Ommaviy axborot vositalari erkinroq ishlay boshlaydi va tanqidiy maqolalar va ko‘rsatuvlar ko‘payadi. Ana shunday vaziyatda SSSRda boshlangan islohotlar shamoli Sharqiy Yevropada davlatlariga ham yetib boradi.

Shundan so‘ng VShT ga a’zo bo‘lgan ittifoqchi davlatlar kommunistik tuzumdan voz kecha boshlashadi. Ana shu jarayonlarda ular VShTdan ham birin-ketin chiqib ketishadi. Eng avval 1990 yil 14 may kuni GFR bilan birlashgan GDR hamda Albaniya chiqib ketadi.

1980-yillar oxirida Sharqiy Yevropa davlatlarida SSSR harbiylarga qarata shunday shiorlar ilina boshlanadi
Foto: www.alamy.com

1991 yil 1 iyul kuni Pragada SSSR, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Chexoslovakiya vakillari ishtirokida VShT o‘z faoliyatini to‘xtatgani haqidagi hujjat imzolanadi. Shu tariqa, bor-yo‘g‘i 35 yil yashagan harbiy blok SSSRning ortidan tarqab ketadi.

Sovet qo‘shinlarini Sharqiy Yevropa davlatlaridan chiqarish 1990 yilda boshlanadi. Eng avval Chexoslovakiyadan olib chiqiladi. So‘ng Vengriyadan 70 ming, Polshadan 50 ming harbiy va minglab harbiy texnikalar olib chiqiladi.

O‘sha paytda sovetlarning eng ko‘p harbiy xizmatchisi GDRda edi – 500 ming nafar. Ularni olib chiqish jarayoni qariyb 4 yilga cho‘ziladi va so‘nggi sovet askari Germaniyani 1994 yilda tark etadi. Shundan so‘ng Sharqiy Yevropada sovet harbiylaridan hech kim qolmaydi.

Sovet harbiylari Chexoslovakiyani tark etmoqda. 1990-yillari boshlari
Foto: cz.sputniknews.com

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid