Iqtisodiyot | 11:58 / 20.11.2023
19596
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importi bir necha baravarga oshdi

MHTI mutaxassislariga ko‘ra, bunga qulay makroiqtisodiy sharoit, import bojxona to‘lovlarini nolga tushirish, oziq-ovqat chakana savdosining rivojlanishi va aholi sonining o‘sishi ta’sir ko‘rsatgan.

Foto: Getty Images

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2018-2022 yillarda sitrus mevalar (kivi, mandarin, apelsin), keshyu yong‘og‘i va xurmo importini tahlil qildi. Qayd etilishicha, ushbu davrda mazkur mahsulotlar importi sezilarli darajada oshgan. Bunga quyidagi omillar ta’sir o‘tkazgan:

  • Respublika iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va aholi sonining ortishi. 2018-2022 yillarda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,3 foizni, aholi sonining o‘sish sur’ati esa 1,9 foizni tashkil etgan;
  • Qulay makroiqtisodiy sharoit. Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 2018 yildagi 1604 AQSh dollaridan 2022 yilda 2255 AQSh dollariga ko‘tarildi. Bu ham 2018-2022 yillarda aholi real umumiy daromadlarining 32,1 foiz oshishiga zamin yaratgan;
  • Import bojxona to‘lovlarini nolga tushirish. Jumladan, 2021 yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda sitrus mevalarni olib kirishda nol bojxona stavkasi tartibi joriy qilindi va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. So‘nggi bor nol stavka 2024 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilgan.
  • Oziq-ovqat chakana savdosi rivojlanishi. Marketing tadqiqotlariga ko‘ra, 2015−2021 yillarda respublikaning zamonaviy chakana savdo bozori yiliga o‘rtacha 17 foizga o‘sgan. Savdo hajmining 58 foizdan ortig‘i chakana oziq-ovqat savdosining ulushiga to‘g‘ri kelgan. 2026 yilga borib, O‘zbekiston bozoridagi zamonaviy chakana savdoning ulushi deyarli ikki barobar oshishi mumkin.

2022 yilda sitrus mevalar va yong‘oqlar importi hajmi 2018 yildagiga nisbatan quyidagicha oshgan:

Keshyu yong‘og‘i importi 8,2 barobar.

Xurmo importi 7,6 barobar.

Mandarin importi 6,6 barobar.

Kivi importi 4,7 barobar.

Apelsin importi 3,9 barobar.

«Harvard universiteti Jamoatchilik sog‘ligini saqlash maktabi tadqiqotiga ko‘ra, sitrus mevalar salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga ega. Jumladan, ularning tarkibida S vitamini, shuningdek, yurak qon-tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va surunkali yurak qon-tomir kasalliklarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi flavonoidlar katta miqdorda mavjud», deyiladi MHTI tadqiqotida.

Mavzuga oid