O‘zbekiston | 07:43 / 20.11.2023
22439
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘quvchini tartibga chaqirgan maktab direktori uni tepib, haqorat qildi

Poytaxtdagi 217-maktabda ikki sinfdosh janjal oqibatida mushtlashgan. Direktor bolalarning biriga tanbeh berarkan, uni tepib, haqorat qilgan va yuziga tarsaki tushirgan. Holatni huquq-tartibot idoralari o‘rganyapti.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 217-maktab direktorining o‘quvchini kaltaklagani aks etgan videoxabarlar tarqaldi. Toshkent shahar MMTB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, videoda tasvirga olingan voqea 2023 yil 19 sentabr kuni ro‘y bergan. Shu kuni 217-maktab 8-«B» sinf o‘quvchilari A.M. hamda Sh.I. sinfxonada o‘zaro mushtlashib qolgan. A.M. sinfdoshining yuziga musht tushirib, tan jarohati yetkazgan. Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘quvchilarni direktor xonasiga chaqirgan. 

Maktab direktori Ya.Sh. ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari G.X.,  Chilonzor tuman IIO FMB HPB VEMB inspektor psixologi, katta leytenant M.I. guvohligida o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. A.M.ga tanbeh berish chog‘ida maktab direktori jahl ustida uni so‘kib, kaltaklagan va tartibga chaqirgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar, IIB xodimlari va ota-onalar ishtirokida ham yig‘ilish o‘tkazilgan.

Ayni paytda yuqoridagi holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda.

“Hurmatli pedagoglar! O‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish, jumladan, ularni haqoratlash, kaltaklash pedagog etikasiga to‘g‘ri kelmasligini, buning uchun qonunchiligimizda jazo choralari belgilab qo‘yilganligini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Yuqoridagi kabi xunuk holat pedagog obro‘siga putur yetkazadi, xolos”, deyiladi Toshkent shahar MMTB bayonotida.

Mavzuga oid