O‘zbekiston | 18:58 / 21.11.2023
13884
6 daqiqa o‘qiladi

Chet tilini o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketdi

Maktablar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 84 nafar pedagog va o‘quvchilar 1 hafta davomida Angliyaning turli shaharlarida ta’lim sayohatida bo‘lib, Kembrij, Oksford kabi nufuzli universitetlar faoliyati bilan yaqindan tanishadi.

21 noyabr kuni “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichigacha chiqqan 3 ta maktabning 84 nafar o‘quvchi va pedagoglari Angliyaga 1 haftalik ta’lim sayohatiga yuborildi.

Ketish oldidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktabda tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham qatnashib, ketuvchilarni safar oldi qutladi.

Xorijiy tilni o‘rganish har bir yoshlarimizning [hayotdagi] keyingi bosqichida ham juda ahamiyatli. Ya’ni raqobatbardosh, xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishi uchun ilm-fanda, qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin, til[ni o‘rganish] juda muhimdir. O‘ylaymanki, bir haftaga [Angliyaga] jamoa bo‘lib ham sayohat, ham ta’lim yo‘nalishida borishinglar har biringlar uchun juda katta motivatsiya va hurmatli yurtboshimiz tomonidan sizlarga bildirilgan katta ishonchdir.

Men o‘ylaymanki, bu tanlov yanayam kengroq [bo‘ladi, unda] barcha o‘quvchilarimiz ishtirok etishib, xorijiy tilni bilish bo‘yicha o‘zlarining bilimlari, ilmlarini yanayam oshirishadi”,– dedi vazir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tanlovning tuman, shahar bosqichlarida respublika bo‘yicha 7 mingga yaqin maktabdan 34 ming nafardan ziyod o‘quvchi ishtirok etgan. 208 ta maktab birinchi bosqichdan o‘tib, ikkinchisiga yo‘llanma olgan.

Qayd etilishicha, bellashuvda berilgan topshiriqlar maktablarning 7-9 sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savollarning qiyinlik darajasi osondan qiyinga tomon ta’lim tamoyillariga asoslangan. Maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarini tanlov bosqichlariga, test topshiriqlariga tayyorlash uchun esa xorijlik ingliz pedagoglari ham jalb etilgan.

3 oydan beri O‘zbekistondaman, shu vaqt davomida biz maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarini kommunikativ metod orqali o‘qitishga urindik. Bu metod o‘rganuvchilarni shunchaki kitob o‘qishdan farqli ravishda darslarda aktiv bo‘lishga undaydi.

Bilamizki, istalgan sinfxonalarda til o‘rganuvchilar turlicha, ularning hammasini qamrab olish uchun, xorij tilida gapirtirishga undash uchun yuqorida qayd etgan uslublarimizni qo‘lladik. Bu jarayonda birinchi navbatda eshitishni, keyin esa shunga mos ravishda gapirishni, so‘ng o‘qish va yozishni o‘rgatamiz. Til grammatikasi esa hamma ko‘nikmalardan keyin, kechroq parallel ravishda o‘rgatila boshlanadi”, – dedi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 18-maktabga biriktirilgan ingliz tili fani o‘qituvchisi Osman Mamur.

Tanlovning respublika bosqichi kelganida sal hayajonda bo‘lgandik. Chunki unda jamoa bo‘lib ishtirok etgandik, topshiriqlarni bajarib chiqqach, nima bo‘lar ekan deb rosa o‘yladik. Keyin tanlovning javoblari e’lon qilindi, qarasak 2-o‘rinni olgan ekanmiz. Tasavvur qila olmaysiz qanchalik xursand bo‘lganimizni. Shunaqa qilib, Buyuk Britaniyaga ketyapmiz.

Bu davlatga borishimizni bilgach, juda quvondim. Boisi, anchadan beri Yevropa mamlakatlariga borishni orzu qilardim”, – deydi Toshkent shahridagi 145-maktab o‘quvchisi Lazizaxon Toshmatova.

“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, Namangan (7-maktab, 1-o‘rin), Toshkent (145-maktab, 2-o‘rin) hamda Buxoro (1-maktab, 3-o‘rin) viloyatlaridagi 3 ta maktab g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shu maktablarning 70 nafar o‘quvchi va 14 nafar o‘qituvchisi Angliyaga yuborildi.

Sayohat qatnashuvchilari 1 hafta davomida Angliya ta’lim jarayonlari, jumladan, “Ardmor” til o‘qitish maktabi, Kembrij, Oksford universitetlari faoliyati bilan yaqindan tanishishi, Kembrij, London, Vinzor, Oksford shaharlari, Temza daryosi bo‘ylab sayohat qilishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, ingliz tengdoshlari bilan o‘tkaziladigan turli uchrashuvlar, Buyuk Britaniya madaniyati va tarixi bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishi ham reja qilingan.

Ma’lumot uchun, tanlov Respublika bosqichi g‘oliblari:

1-o‘rin – 500 million so‘m;

2-o‘rin – 400 million so‘m;

3-o‘rin – 300 million so‘m bilan pul mukofoti bilan taqdirlangan.

Tanlovning “The Best Listener” yo‘nalishida Esfir Nikonorova (Toshkent viloyati Olmaliq shahar 5-maktab), “The Best Reader” yo‘nalishida Samira Najmiddinova (Buxoro viloyati, Buxoro tuman 1-IDUM), “The Best Writer” yo‘nalishida Shahriyor Sulaymonov (Buxoro viloyati, Buxoro tuman 1-IDUM), “The Best Speaker” yo‘nalishida Aminaxon Kurbonova (Samarqand viloyati, Samarqand tumani 10-maktab) hamda “The Best of The Best” nominatsiyasida Mohinur Rahimova (Toshkent shahar, Yashnobod tumani 145-maktab) va Yasmina Muhiddinova (Buxoro viloyati, Buxoro tuman 1-IDUM)lar egalladi.

Mavzuga oid