O‘zbekiston | 22:16 / 21.11.2023
11804
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent metrosida ikki daqiqali intervalni ta’minlash kerakligini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni Toshkent metropolitenida xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

So‘nggi yillarda metropoliten qamrovini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 32 kilometr yo‘l qurildi, 21 ta yangi stansiya ishga tushirildi. 15 ta zamonaviy metro poyezdlari olib kelindi. Yangi yo‘nalishlar poytaxtning Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusobod tumanlaridan o‘tib, aholining kundalik qatnoviga qulaylik yaratdi.

Bugungi kunda metropolitendan foydalanadigan yo‘lovchilar soni 5 barobar oshib, kunlik qatnov 720 mingtaga yetdi. Kunning tig‘iz vaqtida poyezdlar kelish vaqti avvalgi 5-7 daqiqadan 2 daqiqagacha qisqardi.

Yig‘ilishda transport va qurilish sohasi mutasaddilari metropolitenning bugungi holati hamda kelgusi rejalar yuzasidan axborot berdi.

Davlat rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yana yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o‘tganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent metropolitenini transformatsiya qilib, daromadini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid