O‘zbekiston | 19:19 / 23.11.2023
7665
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda olish joriy etildi 

Ishonchnomani YaIDXP (my.gov.uz) orqali onlayn tarzda olish mumkin. 

Foto: Kun.uz

Hukumat qarori bilan «Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti» tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, ishonchnomani YaIDXP (my.gov.uz davlat xizmatlari portali) orqali onlayn olish imkoniyati joriy qilindi. Bunda arizago‘y o‘zi va ishonchnoma berilayotgan shaxsning biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi hamda JShShIR ma’lumotlarini kiritishi lozim bo‘ladi. 

Davlat xizmati «Notarius» tizimidan foydalangan holda YaIDXP (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi. 

Ishonchnoma ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oy, 6 oy va 3 yil muddatgacha berilishi mumkin. 

Ariza beruvchi so‘rovnomada ko‘rsatilgan avtomototransport vositasining mulkdori bo‘lmasa, ishonchnoma rasmiylashtirilmaydi. 

Ishonchnomaga kiritiladigan shaxslar soniga cheklov o‘rnatilmaydi. 

Ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunda ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

- 1 oygacha bo‘lgan muddatga – 10 foiz;

- 1 oydan ortiq va 6 oygacha bo‘lgan muddatga – 50 foiz;

- 6 oydan ortiq va 3 yilgacha bo‘lgan muddatga – 100 foiz. 

Elektron shaklda QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtirilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan bir xil yuridik kuchga ega. 

Ishonchnoma quyidagi holatlarda bekor qilingan hisoblanadi:

- ishonchnomaning amal qilish muddati tugaganda;

- ishonchnomani bergan shaxs tomonidan bekor qilinganda;

- ishonchnoma rasmiylashtirilgan vaqtdan so‘ng ishonchnomani bergan shaxs muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;

- ishonchnoma berilgan shaxs(lar) muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;

- avtomototransport vositasining mulkdori o‘zgarganda. 

Mavzuga oid