Jamiyat | 11:09 / 26.11.2023
33119
5 daqiqa o‘qiladi

Rahbarning qo‘liga suv quyib turish topshirig‘ini olgan talabalar, ichki ishlar binosida o‘tgan tun - “Talaba kundaligi”

Soat necha ekanini bilolmagani uchun tungi 3da darsga borgan, rahbarning qo‘liga suv qo‘yish, hovlisiga gilos ekishga jo‘natilgan va puli qolmay kechqurun piyoda yurgani uchun IIBga olib ketilgan talabalarning hikoyalari bilan "Talaba kundaligi"ning bugungi sonida tanishamiz.

1-hikoya: Sahar yo‘lga chiqqan talaba

– Tibbiyot yo‘nalishini bitirganman. Oliygohda bir fan o‘qituvchimiz bo‘lardi, nuqul dars vaqtida atir-upalarini yoyib, qizlarga narsa sotardi. Kursdoshlarim domlaning asosiy mijozlari edi, lekin o‘zim haqimda bunday deyolmayman. Shuning uchun o‘qituvchimiz baho qo‘yish vaqti kelganda meni ko‘p qiynardi. Ertalab darslar 8 da boshlanardi. Lekin menga darsdan 15 minut oldin kelib xonada o‘tirish majburiyatini qo‘ygandi. Uyimdan o‘qishgacha avtobusda qatnardim. Hatto vaqtli kelmaganim uchun meni bir necha marta jazolagan ham. Shuning uchun onamdan meni ertaroq uyg‘otishini so‘rardim.

Qish kunlari qishloqda ko‘p tok o‘chgani uchun, telefonimning quvvatini to‘ldirish ba’zan imkonsiz bo‘lardi. Shunday kunlarning birida uyg‘onib darsga ketmoqchi edim. Qarasam, tok yo‘q, telefonim o‘chib qolgan, soat nechaligini bilolmadim. Tavakkal qilib yo‘lga chiqdim, bekatda avtobus kutishni boshladim. Yo‘llar juda qorong‘i, bitta ham mashina ko‘rinmaydi. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman, yonimga bir kishi keldi, qarasam poliklinika qorovuli. Salom-alikdan keyin, darrov soat necha bo‘lganini so‘radim. Bilsam, soat 3 yarimdan endi oshgan ekan.

2-hikoya: Ichki ishlar binosida o‘tgan tun

– 2016 yil 22 may kungi voqea esimdan chiqmaydi. 4-kursni tugatishimga oz qolgandi. Iqtisodiy yo‘nalishda o‘qiyman, diplom himoyam yaqinlashgan. Tushunmagan narsalarni so‘rash uchun, kechki 9larda mendan 5-6 kilometr uzoqda yashaydigan do‘stimning uyiga jo‘nadim. U bilan 1 yarimgacha diplom ishi yozdik. Bu orada ovqatlanolmadik, men tezroq xonamga qaytib, ovqatlanib olish haqida o‘ylardim. Yonimda pulim ham qolmagan. Uygacha piyoda yetib olishga qaror qildim. 5 kilometrcha bosib, manzilimga yaqinlashganimda ichki ishlar avtobusi qarshimdan chiqib, xodimlar hujjatlarimni so‘ray boshlashdi. Talabalik guvohnomamni ko‘rsatishimga qaramay, meni Yashnobod tuman IIB binosiga olib ketishdi, barmoq izlarimizmi olib, kameraga solib qo‘yishdi.

Mening esa tezroq uyga borish va qornimni to‘ydirish xayolimdan ketmasdi. Oddiy talaba ekanimni, meni qo‘yvorishlarini so‘rab yalinib-yolvorsam ham eshitishmadi, juda qo‘pol munosabatda bo‘lishdi. O‘sha paytlari ichki ishlar xodimlariga bugun shuncha odamni barmoq izini olasan, propiskasini tekshirasan degan “plan” qo‘yilardi. Xullas, ertalab zo‘rg‘a uyga yetib kelganman.

Keyin magistraturada ham o‘qidim, 2 yil universitetda dars berdim. Hozir Turkiyada Xalqaro munosabatlar bo‘yicha PhD qilyapman.

3-hikoya: Rahbarning qo‘liga suv qo‘yishga jo‘natilgan talabalar

Talabalikka yangi qabul qilingandik. Birinchi bosqich davom etayotgan vaqt edi. Darsda o‘tirgandik, shoshilinch e’loni bor kishiday fakultetimiz dekani o‘rinbosari kirib keldi. Hammamizga qarab chiqdi-da, oramizdan 5 nafar zabardast yigit talabalarni tanlab, darsdan keyin yoniga kirishimizni aytib qoldi. Oliygoh tartib- qoidasiga ko‘ra oq ko‘ylak, qora shim kiygan yigitlar birgalikda dekan o‘rinbosari xonasiga kirdik. Keyin janob gap boshlab qoldi. “… aka Davlat test markazida ishlaydi. Mening eng yaqin o‘rtoqlarimdan biri bo‘ladi. Hozir yangi hovlisini bitkazib, ehson to‘y oshi beryapti. Sizlar borib qo‘liga suv quyib, mastava, oshini tashib, oshidan yeb, hovlisiga gilos ekib berishingiz kerak”, – dedi dekan o‘rinbosari.

Bu dekan o‘rinbosari bo‘lsa, hali 4 yil shuni qo‘lida o‘qiymiz deb buyruq–iltimosini bajarishdan boshqa choramiz qolmagandi.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uz’ning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid