O‘zbekiston | 10:46 / 27.11.2023
7386
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi yangi bosh konsuli tayinlandi

O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi yangi bosh konsuli Jamil Sharapov o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. U 2018-2023 yillarda Nyu-Yorkdagi bosh konsullikni boshqargan Kamol Ikromov o‘rniga tayinlandi.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekistonning Nyu-Yorkda yangi tayinlangan bosh konsuli Jamil Sharapov o‘z vazifasini bajarishga kirishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Jamil Sharapov shu kunga qadar TIVning Konsullik-huquqiy departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Diplomat 42 yoshda. Toshkent davlat sharqshunoslik institutini (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) tamomlagan. Nyu-Yorkka tayinlanishidan oldin Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida turli lavozimlarda ishlagan.

Jamil Sharapov 2018-2023 yillarda Nyu-Yorkdagi bosh konsullikni boshqargan Kamol Ikromov o‘rniga tayinlandi.

Bosh konsullikning konsullik okrugiga AQShning quyidagi shtatlari va ma’muriy hududlari kiradi: Aydaxo, Ayova, Alyaska, Arizona, Vayoming, Vashington, Vermont, Virjiniya orollari, Viskonsin, Gavayi, Illinoys, Indiana, Kaliforniya, Kanzas, Konnektikut, Massachusets, Minnesota, Missuri, Michigan, Montana, Men, Nebraska, Nevada, Nyu-Gempshir, Nyu-Jyersi, Nyu-York, Nyu-Meksiko, Ohayo, Oregon, Pensilvaniya, Puerto-Riko, Rod-Aylend, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota, Yuta, shuningdek, Meksika va Lotin Amerikasi mamlakatlari (Kuba va Braziliyadan tashqari – ushbu davlatlar O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi konsullik okrugiga kiradi).

Mavzuga oid