8-sinf o‘quvchisi maktabda elektr toki urishi natijasida vafot etgan - Bosh prokuratura
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasi 8-sinf o‘quvchisining o‘limiga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ko‘rsatgan. Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi avvalroq o‘quvchi tok urishi tufayli vafot etmaganini, maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmaganini bildirib, bayonot bergandi.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi o‘limi yuzasidan dastlabki ekspertiza xulosalari ochiqlandi.
Bosh prokuraturaning Kun.uzʼga taqdim qilgan ma’lumotnomasiga ko‘ra, 15 yoshli bolaning o‘limi elektr jarohati, elektr toki yoyidan zaxarlanish, o‘tkir nafas yurak qon tomir yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi, chap qo‘l kaft sohasi elektr tamg‘asi natijasida yuz bergan.
Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, «natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», – deyiladi ma’lumotnomada.
Eslatib o‘tamiz, o‘quvchi bilan ro‘y bergan bu voqea haqidagi xabarlar 28 noyabr kuni tarqaldi, holat bundan bir kun oldin taxminan soat 18:15larda bo‘lgani aytilgandi.
Keyinroq MMTB vakillari bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, bola muassasa hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida ahvoli yomonlashib, hushidan ketganini, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgani va u yerda ham o‘ziga kelmay vafot etganini qayd etgandi.
Qolaversa, boshqarma o‘quvchini tok urmagani va mazkur hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagani hamda maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmaganini yozib o‘tgan. Biroq hozirda xabardan mazkur jumlalar olib tashlab, tahrirlab qo‘yilgan.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024