O‘zbekiston | 15:54 / 28.11.2023
12540
8 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlik uchun jarima ballari: iqtisodiy kaltak va rag‘bat ham kerak

Nihoyat, yo‘l harakati qoidalarini bepisandlik bilan muntazam buzuvchi qoidabuzar haydovchilarga qarshi jarima ballari tizimini ishga tushirish harakati boshlandi.

Foto: Kun.uz

Bu haqda avvalroq maqola ham yozgan edim. Maqolada nafaqat qoidabuzar haydovchilarni jarima ballari bilan tiyish, ayrim qoidabuzarliklar uchun javobgarlik hamda jarimalar miqdorini oshirishni ham taklif qilgan edim.

Maqolada inson(lar) o‘limiga olib kelgan qoidabuzarlik uchun jinoiy jazo nihoyatda kuchaytirilishi lozimligi haqida ham gap borgan.

Oliy Majlis qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihasida transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish ham belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxs o‘zboshimchalik bilan baribir transport vositasini takroran boshqarib yurgani aniqlansa, unga nisbatan jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Bu nihoyatda uzoq kutilgan va juda yaxshi tashabbus.

Hozir ayrim odamlarda «birovning nomidagi avtomashinani ishonchnoma orqali haydab yurib qoida buzilsa nima bo‘ladi?» degan savollar paydo bo‘lmoqda. Chindan ham haqli savol.

Qoidabuzarlikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan YPX xodimi mashinani to‘xtatib, qoidabuzar haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirsa, mayli, bu tushunarli. Lekin foto va videoqurilmalar vositasida qayd etilgan qoidabuzarliklar masalasi nima bo‘ladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, foto va videoqurilmalar vositasida qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarimani avtotransport vositasi rasmiylashtirilgan shaxs — mashinaning egasidan undiriladi.

Hozir bizda birovga mashinasini ishonchnoma orqali sotish huquqi bilan berib yuborish «moda»ga aylangan. Yo‘llarda harakatlanayotgan, jismoniy shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan avtotransport vositalarining yarmidan ko‘pi uni boshqarayotgan haydovchining nomida emas. Ishonchnoma bilan boshqarilmoqda. Ishonchnomalar ham hozir onlaynlashib ketdi. Rasmiylashtirish osongina.

Xo‘sh, qoidabuzarlik foto yoki videoqurilmalar orqali qayd etilgan bo‘lsa, bu holatda jarima ballari avtomashina egasiga hisoblanadimi? Axir u nomidagi mashinani kim haydab yurganini ham bilmasligi mumkin-ku?

Hozir mashinaning egasi yo yalinib, yo «ishonchnomani bekor qilaman», yo «mashinani rasmiylashtirib bermayman», degan do‘q-po‘pisa bilan jarimani qoidabuzar haydovchidan undira oladi.

Yangi tizimda jarimani undirish-ku, mayli, qoidabuzarlikni qayta rasmiylashtirishga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Chunki avtomobil nomiga rasmiylashtirilgan insonda ham haydovchilik guvohnomasi bo‘lsa, o‘zi qilmagan qoidabuzarliklari uchun jarima ballari ishlab olish xavfi paydo bo‘ladi.

Bu holat yuzaga kelmasligi uchun DYHXX organlari qoidabuzarlikni qayta rasmiylashtirishni yengillashtirish choralarini ko‘rishlari kerak bo‘ladi. Isbot sifatida haydovchilik huquqi topshirilgan ishonchnoma taqdim etilsa bas.

Qoidabuzarlar iqtisodiy «kaltak»ni, qoidalarga rioya qiluvchilar esa rag‘batni doim his qilib turishlari kerak, deb yozyapti o‘z Telegram kanalida iqtisodchi ekspert Otabek Bakirov:

«Jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish tartibini joriy etish yana kun tartibiga qaytganidan xursandman.

O‘zi 1 yil avval ishga tushishi lozim bo‘lgan qoidalar balki «avtoterroristlar» lobbisi va ma’muriy resurslari tufayli rosa xaspo‘shlab kelindi. Agar Prezident qarorida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida bajarilganida edi, minglab odamlarning hayoti, sog‘lig‘i saqlab qolingan bo‘lardi, shaharlarimizdagi ko‘chalar fuqarolar uchun xavf-xatar makoniga aylanmagan bo‘lardi. Mayli, hechdan ko‘ra kech.

Men umid qilaman, jarima ballarini joriy qilish bilan ish to‘xtamaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda iqtisodiy kaltaklar ishlashi kerak. Xususan, traansport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishsug‘urta orqali.

Dunyoning hech bir mamlakatida O‘zbekistondagi kabi absurd sug‘urta qoidalari mavjud emas. Qariyb 5 yildan beri Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta puli — 40 million so‘m darajasida qolmoqda. Polislar uchun mukofot 56 ming so‘m, haydovchilar soni cheklanmagan polislar uchun mukofot 168 ming so‘m etib belgilangan (viloyatlar uchun 40 ming so‘m va 120 ming so‘m mos ravishda).

Oyda, yilda bir ko‘chaga chiqadigan, tartibli haydovchi uchun ham shu to‘lov, har kuni qoida buzadigan va qoidalarni buzganidan faxrlanadigan «avtoterrorist» uchun ham shu to‘lov. Normal dunyoda qoidabuzarlar avtomobil sug‘urtasi uchun o‘nlab karra yuqori to‘lov qilishadi. Bizda esa sug‘urta eng arzon jarimadan ham arzonroq, tabiiyki, 40 yo 56 ming so‘m to‘lagan, ko‘chadagi mas’uliyatsiz «avtoterroristlar» bilgan jinoiy tajribasini qilib yotishipti.

Demak, nafaqat, shunchaki jarima ballari tizimi joriy etilishi, jarima ballariga muvofiq sug‘urtaning karrasiga qimmatlashishi ham ishga tushishi kerak.

Bu hali hammasi emas.

Jarima ballari pulli parkovkalardagi tariflarda ham, avtomobil bilan bog‘liq davlat xizmatlarida ham karrasiga oshiriladigan to‘lov ko‘rinishida qo‘llanilishi zarur (avtoraqam olishdan tortib, ishonchnoma va garov rasmiylashtirishgacha).

Xullas, qoidabuzarlar o‘zlarining aslida kim ekanliklarini har qadamda iqtisodiy kaltak vositasida eslab turishlari zarur.

Rag‘bat-chi? Rag‘bat ham esdan chiqmasligi kerak. Yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga sug‘urta, parkovka, davlat xizmatlarigacha chegirma koeffitsiyentlar qo‘llash boshlanish zarur», — deb yozadi Bakirov.

So‘nggi yillarda yaqin qarindoshlar uchun mashinani hech qanday ishonchnomasiz boshqarish huquqi ham taqdim etildi. (Faqat sug‘urta polisida bunga izn beruvchi yaqin qarindoshlik darajasi aks etsa bas).

Ko‘pchilik bu imkoniyatdan foydalanib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan qariya ota-onalarining nomiga mashina olishgan va haydab yurishibdi.

Mana shu amaliyotni ham tartibga olish kerak. Ya’ni, sodir etilgan qoidabuzarlik uchun jarima ballari to‘laydigan odam tayin bo‘lishi kerak.

Shuningdek, sotish huquqi bilan beriladigan ishonchnomalarning maksimum muddati uch oy qilib belgilanishi kerak.

Odamlar sotgan avtomashinasini darhol rasmiylashtirib berishga o‘tishlari kerak. Bong uraverganimizdan keyin avtomobil oldi-sotdisida rasmiylashtirish yig‘imlari ancha tushirildi. Bu summa va notarius xarajatlari yanada tushirilishi lozim.

Chunki jarima ballari tizimi joriy etiladigan bo‘lsa, bu juda ko‘p tushunmovchiliklar va chalkashliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Masalaning bu jihatini ham e’tibordan qochirmaslik kerak.

Eng muhimi, bildirilayotgan takliflarning barchasini onlayn bazaga birlashtirib, tashqi aralashuv vositasida o‘zgartirib bo‘lmaydigan qilib amalga oshirish imkoniyati bor.

Bizda so‘nggi 30 yil ichida ilk marta bepisand qoidabuzar haydovchilarni jilovlash uchun real imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak, yo‘llarimizni qoidabuzar haydovchilardan tozalashimiz, yo‘llarda o‘limlarni kamaytirishimiz kerak.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist. 

Mavzuga oid