O‘zbekiston | 14:47 / 28.11.2023
11177
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi

Shohrux Shorahmedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Raqobat qo‘mitasi raisi lavozimidan olingan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi. 

“Davlat boshqaruvi” kanali xabariga ko‘ra, Shohrux Shorahmedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Raqobat qo‘mitasi raisligidan ketgan.

Avvalroq Shohrux Shorahmedov lavozimida ozod etilishi mumkinligi xabar qilingandi.

Prezident o‘tkazgan 9 noyabr kungi selektorda sut ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilgan.

Yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, ulardan mahsulot pulini olishdagi muammolar, aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi Raqobat qo‘mitasi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklardan dalolat ekani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan qo‘mita raisi Sh.Shorahmedovning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish topshirilgandi.

Shohrux Shorahmedov 1977 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1998 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999 yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparati bosh konsultanti bo‘lib ishlagan.

2019-2020 yillarda — moliya vazirining o‘rinbosari, 2020-2021 yillarda — sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, 2021-2022 yillarda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Shohrux Shorahmedov 2022 yil dekabr oyi oxirida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid