Toshkentning jamoat transport tizimi qanday o‘zgardi?
So‘nggi yillarda Toshkentning jamoat transport tizimi sezilarli darajada yaxshilandi. Avtobuslar soni oxirgi 2 yilda 2 barobarga oshdi. Ularning oraliq intervali 2-3 barobarga qisqarib, hozirda 8-10 daqiqani tashkil etadi. Kunlik yo‘lovchi oqimi 1 mln nafarga yetdi, poytaxtga kirib keladigan aholining shahar markaziga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqardi.
Poytaxtda aholiga qulay sharoitlar yaratish, shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida yerusti jamoat transporti tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda shaharda yangi jamoat transporti yo‘nalishlari ishga tushirildi, mavjud avtobuslar modernizatsiya qilindi, tizimni boshqarish va monitoring qilishning yangi texnologiyalari joriy etildi.
Avtobus yengil avtotransportga nisbatan 135 barobarga samarador
Bugungi kunda Toshkent shahrida 5 mln nafar aholi mavjud bo‘lib (doimiy istiqomat qiluvchi – 3 mln, kunlik shaharga kelib-ketuvchi – 1,5 mln, vaqtinchalik yashovchi – 0,5 mln), shundan mobil aholi soni o‘rtacha 3,5 mln kishini tashkil qiladi.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra poytaxtdagi mobil aholining kunlik qatnov soni o‘rtacha 9 mlnni tashkil etib, shundan 6 millioni harakatlanish transportida amalga oshiriladi.
Transportda amalga oshirilayotgan qatnovlarning 1,7 millioni (28 foiz) jamoat (avtobus, metro) transportiga , 4,3 millioni yengil avtotransportga to‘g‘ri kelmoqda.
Poytaxtning transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy 73ta ko‘chalari uzunligi 472 kmni tashkil etib, o‘rtacha 380-400 ming avtotransport harakatlanishiga mo‘ljallangan.
Shaharda kun davomida o‘rtacha 1 millionga yaqin avtotransport (770 mingta – ro‘yxatdan o‘tgan, 200 mingta kirib chiqadi) harakatlanib, asosiy ko‘chalarga 2 barobar ko‘p yuklama tushmoqda.
Tahlillarga ko‘ra bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 nafar yo‘lovchi, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 yo‘lovchi tashilmoqda (avtobusning yengil avtotransportga nisbatan samaradorligi 135 barobar).
Avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshdi
So‘nggi yillarda poytaxt aholisining transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ko‘chalarda jamoat transporti ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi bir qator prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.
Buning natijasida, 2022 yilda Toshkent shahri uchun 200 dona o‘rta sig‘imli SAZ LE 60 rusumli va 190 dona katta sig‘imli MAN rusumli avtobuslar va ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi.
2023 yilda esa shahar jamoat transporti harakat tarkibini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida qo‘shimcha 1000 dona avtobuslar xarid qilindi. Jumladan, metan gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi 500 ta katta sig‘imli YOUTONG va 200 ta o‘ta katta sig‘imli KINGLONG avtobuslari hamda 302 ta YOUTONG elektrobuslari olib kelindi.
Natijada avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga (1959 ta), harakat tarkibining o‘rtacha sig‘imi esa 74 foizga (155 ming nafar yo‘lovchi) oshdi.
Avtobuslar oraliq intervali 2-3 barobarga qisqardi
2021 yilda yo‘nalishlar tarmog‘i 144 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda poytaxtning barcha turar joy mavzelarini to‘liq qamrab olish maqsadida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i ishlab chiqildi.
Ushbu yo‘nalishlar tarmog‘i 4 turdagi 167 ta yo‘nalishlardan iborat (101 ta bog‘lovchi, 14 ta halqa, 11 ta magistral va 41 ta yetkazib beruvchi). Hozirda yangi brutto-shartnoma tizimi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘nalishlar soni 167 tani, jadvallar soni esa 1 638 tani tashkil etmoqda.
Toshkent shahrining aglomeratsiya hududlarini shahar bilan bog‘lovchi 21 ta avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi (Qibray tumani, Toshkent tumani, Yangiyo‘l shahri, Zangiota tumani, Yangi bozor, G‘ishtko‘prik, Keles, ToshGRES, Mineral suvlar).
2022 yilda haydovchilarning o‘rtacha oylik ish xaqi 2,5-3 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, olib borilgan islohotlar natijasida 2023 yilda haydovchilarning o‘rtacha oylik ish xaqi 6,5-7 mln so‘mga yetkazildi
Amalga oshirilgan ishlar natijasida:
- avtobuslar oraliq intervali 2-3 barobarga qisqarib, hozirda 8-10 daqiqani tashkil etdi (oldin 18-20 daqiqa bo‘lgan);
- kunlik yo‘lovchi oqimi 1,7 baravarga ko‘payib, 1 mln nafarga yetdi (ilgari kuniga 650 ming yo‘lovchi tashilgan);
- poytaxtga kirib keladigan aholining shahar markaziga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqardi (kuniga poytaxtga 900 mingdan ortiq aholi jamoat transportida kirib keladi);
- yo‘nalishlar masofasi o‘rtacha 18 kmdan 12 kmgacha, yo‘nalishlarning umumiy masofasi 2 ming 666 kmdan 2 ming 39 kmga qisqartirish hisobiga jamoat transporti o‘rtacha tezligini 18 km/soatdan 21 km/soatga ko‘tarishga erishildi;
- 2020 yilda shahar jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimidan 45 mln 244,4 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2023 yilda 78 mln 515,3 ming yoki 173,5 foizga, tushum 28,4 mlrd so‘mdan 98,6 mlrd so‘mga yoki qariyb 347,2 foizga oshishiga erishildi;
- elektron to‘lovlarning umumiy tushumdagi ulushi 60 foizni tashkil etmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, aholiga qulay sharoit yaratish, avtomobillar harakatini tartibga solish va atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini kamaytirish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Ushbu maqsadga erishish uchun shaharda jamoat transporti tarmog‘i faol rivojlanmoqda, yangi metro yo‘nalishlari barpo etilmoqda, avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i kengaymoqda.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024