YeI Ukraina harbiylarini tayyorlash uchun yana 200 mln yevro ajratdi
YeIning Ukraina Qurolli kuchlarini tayyorlash missiyasi doirasidagi moliyalashtirish 194 million yevroga oshib, 255 million yevroga yetadi, deya ma’lum qildi YeI kengashi.
Yevropa Ittifoqi kengashi Yevropa Ittifoqining Harbiy yordam missiyasi (EU Military Assistance Mission - EUMAM) doirasida ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga qaror qildi. «Pul summasi 194 million yevroga oshirildi va jami 255 million yevroni tashkil etadi», — deya ma’lum qildi 28 noyabr, seshanba kuni YeI kengashi matbuot xizmati.
Mablag‘lar Yevropa tinchlik jamg‘armasi (YeTJ) orqali ajratiladi. «Bugungi qarorning maqsadi Ukraina ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘quv dasturining o‘sib borayotgan hajmi va murakkabligini hisobga olgan holda, EUMAM orqali Ukraina Qurolli kuchlari imkoniyatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishdir», deyiladi press-relizda.
YeI 34 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorladi
Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy yordam missiyasi 2022 yil noyabr oyida boshlangan va Ukraina Qurolli kuchlari a’zolari uchun Yevropa Ittifoqi hududida ikki yillik individual, jamoaviy va ixtisoslashtirilgan tayyorgarlikdan o‘tkazishga mo‘ljallangan. EUMAM Ukraina Qurolli kuchlarini harbiylar jangovar samaradorligi va jangovar tayyorgarligini oshirish uchun Bosh shtabning iltimosiga binoan individual ishlab chiqilgan dastur bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Bu Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish guruhi (SAG-U) va «Ramshtayn» formatidagi hamkorlar bilan kelishilgan keng qamrovli xalqaro yondashuvning bir qismidir. Mashqlar Yevropa Ittifoqi davlatlari va YeTJ tomonidan taqdim etilgan harbiy texnika yordamida o‘tkazilmoqda.
YeI kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, EUMAM faoliyati davomida 34 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilar tayyorgarlikdan o‘tgan.
Mavzuga oid
05:07
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
16:28 / 17.11.2024
Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi ko‘plab uchastkalarda qulamoqda
14:24 / 17.11.2024
«Eng yirik havo hujumlaridan biri». RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar uyushtirdi
10:05 / 17.11.2024