Sport | 16:51 / 29.11.2023
24255
7 daqiqa o‘qiladi

Yetakchilarsiz «Real» va qasos ishtiyoqidagi «Arsenal». YeChLda kun intrigalari

Bugungi o‘yinlarda kimga qanday natija kerak?

A guruhi

«Galatasaroy» – «Manchester Yunayted» (22:45, Sport)

«Bavariya» – «Kopenhagen» (01:00, Yoshlar)

«Manchester Yunayted» «Galatasaray» va «Kopenhagen»ga qarshi o‘yinlarda g‘alabani qo‘ldan chiqargani ushbu guruhdagi haroratni maksimal darajaga ko‘tardi. «Qizil iblislar» endi «Do‘zax» deb ataladigan Istanbul stadionida faqat g‘alaba uchun kurashishga majbur. Hatto g‘alaba qozonib ham, «MYu» o‘zini xavfsiz sezmaydi, keyingi turda «Bavariya» bilan o‘yinda ham ijobiy natija qayd etishi lozim bo‘ladi.

Agar bugun nemislar «Kopenhagen»ni yutadi, deb tasavvur qilsak, jamoalarning imkoniyati quyidagicha: «MYu» Turkiyada g‘alaba qozonsa, ochkolari sonini 6 taga yetkazadi. «Galatasaroy» va «Kopenhagen» hisobida to‘rttadan ochko qoladi. U holda inglizlarga so‘nggi turda «Bavariya» bilan durang o‘ynash kifoya qilishi mumkin, chunki, «MYu» har ikki raqibi bilan o‘zaro o‘yinlarda tenglik va umumiy to‘plar nisbatiga ko‘ra ustunlikni qo‘lga kiritadi. Agar Turkiyadagi o‘yin durang bilan tugaydigan bo‘lsa, katta ehtimol bilan, «MYu» guruhda qolib ketadi. Hammasi so‘nggi turdagi «Kopanhagen» – «Galatasaroy» o‘yinida hal bo‘ladi. To‘g‘ri, shundayam manchesterliklarda imkoniyat qoladi, ammo buning uchun ular «Bavariya»ni yengib, Daniyadagi uchrashuv durang bilan tugashidan umid qilishiga to‘g‘ri keladi.

Xullas, hali bu yerda hammasi chalkash. Uch jamoadan har biri Chempionlar Ligasida kurashni davom ettirishi, har qaysi biri esa, Yevropa Ligasi ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Aniq bo‘lgani faqat bitta – «Bavariya» pley-off yo‘llanmasini hal qilgan va hatto birinchi o‘rinni naqd qilib ulgurgan.

V guruhi

«Sevilya» – PSV (22:45)

«Arsenal» – «Lans» (01:00, Mahalla)

«Arsenal» fransuzlar bilan durang o‘ynasa kifoya, keyingi bosqich masalasini hal qiladi. G‘alaba esa, Arteta shogirdlariga rasman birinchi o‘rinni kafolatlaydi. Ikkinchi yo‘llanma uchun esa, hozircha 5 tadan ochkoga ega bo‘lgan PSV va «Lans» da’vogarlik qilmoqda. Albatta, «Sevilya»da ham imkoniyat bor, hatto u qadar kichik ham emas – masalan, bugungi har ikki o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonsa, so‘nggi tur oldidan birato‘la uch jamoada 5 tadan ochko bo‘ladi. O‘shanda so‘nggi turdagi «Lans» – «Sevilya» o‘yini final maqomiga chiqib ketadi. «Sevilya» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ochkolar bo‘yicha «Lans»ni ham, o‘zaro o‘yinlaridagi ustunlik tufayli PSVni ham ortda qoldirib, guruhda 2-o‘rinni egallashi mumkin.

Demak, bu guruhda ham ikkinchi yo‘llanma uchun qizg‘in kurash endi boshlanmoqda. Sevilyadagi o‘yin boshqa uchrashuvlardan avvalroq boshlanishini e’tiborga olsak, tomoshabinlarda ushbu shiddatli to‘qnashuvni jonli tarzda tomosha qilish imkoniyati ko‘proq.

S guruhi

«Braga» – «Union» Berlin (01:00)

«Real» – «Napoli» (01:00, Sport)

«Napoli» o‘tgan turda «Union»ni o‘z maydonida mag‘lub etganida, bu guruhda ham hammasi muddatidan oldin hal bo‘lardi. Berlin jamoasi oxirgi 15 o‘yinning 13 tasini boy berib, atigi 2 o‘yinda durang qayd etdi va o‘sha durangning Neapolda sodir bo‘lgani ushbu guruhda ham qo‘shimcha intriga yaratdi. Agar «Napoli» Madridda g‘alaba qozona olmasa va «Braga» o‘z maydonidagi o‘yinni o‘z foydasiga hal qilsa, bu ikki klub o‘rtasidagi farq minimal darajaga yetadi. Bu esa so‘nggi turda «Napoli» va «Braga» uchrashuvi ahamiyatini oshirib yuboradi.

Madrid klubi allaqachon keyingi bosqichga chiqib bo‘lgan. Faqat guruhda birinchi o‘rinni egallashi uchun yo «Napoli» bilan o‘yinda kamida durang qilishi yoki so‘nggi turdagi o‘yinda uch ochko qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi. Bugungi o‘yinda Karlo Anchelotti FIFA kunlarida jarohat olgan Vinisius Junior va la liga doirasida «Kadis»ga qarshi o‘yin oxirida majburan almashtirilgan Luka Modrich xizmatlaridan foydalana olmaydi, lekin Jud Bellinghem yelkasidagi jarohatini tuzatib safga qaytgan. 

Berlin jamoasi esa, Bragaga shunchaki bormaydi, bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali nemislar Yevropa Ligasiga o‘tishlari mumkin. O‘tgan mavsumda ushbu musobaqada chorakfinalgacha borgan «Union» balki yana ushbu turnir yordamida muvaffaqiyatsiz mavsumni qutqarib qolishga harakat qilar?

D guruhi

«Benfika» – «Inter» (01:00)

«Real Sosiyedad» – «Zalsburg» (01:00)

Bu o‘yinda hammasi o‘tgan turdan keyin ma’lum bo‘lib ulgurdi. «Inter» va «Sosiyedad» keyingi bosqich masalasini hal qildi. Bugungi o‘yinlar qanday yakunlanishidan qat’i nazar, ushbu guruhda noma’lum bo‘lib turgan ikki savolning javobi baribir oxirgi turda ma’lum bo‘ladi.

«Inter» – «Sosiyedad» o‘yinida guruhdagi 1-o‘rin egasi, «Zalsburg» – «Benfika» o‘yinida esa Yevropa Ligasi pley-off ishtirokchisi nomi ma’lum bo‘ladi. To‘g‘ri, masalan, avstriyaliklar bugun Ispaniyada g‘alaba qozonib, uchinchi o‘rinni naqd qilib olishi ham mumkin, lekin basklarning bugungi sport formasidan kelib chiqsak, bunga ishonish juda qiyin.

Mavzuga oid