Sport | 17:22 / 30.11.2023
27483
3 daqiqa o‘qiladi

FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi so‘nggi 6 yillikdagi eng yaxshi natijasini qayd etdi

FIFA rasmiy sayti noyabr oyidagi saralash bahslaridan keyin milliy jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2017 yildan keyingi eng yaxshi natijasiga erishdi.

2023 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi reytingda besh pog‘ona ko‘tarilib, 1345 ochko bilan 68-o‘rinni egalladi. Srechko Katanets shogirdlari avvalgi oyda 73-o‘rinda edi. Vakillarimizning Osiyo qit’asidagi o‘rni ham o‘zgardi – «oq bo‘rilar» Ummondan o‘tib, 9-o‘ringa yuqoriladi.

FIFA reytingida ham o‘nlik o‘zgardi. Argentina milliy jamoasi 1-o‘rinda bormoqda, Fransiya 2-o‘rin, 3-o‘rindagi Braziliya esa o‘rnini Angliyaga bo‘shatib, 5-o‘ringa pastladi. Keyingi o‘rinlarni Belgiya (4), Niderlandiya (6), Portugaliya (7), Ispaniya (8), Italiya (9) va Xorvatiya (10) o‘nlikdan joy olgan.

Osiyo jamoalari orasida esa Yaponiya reytingda 17-o‘ringa ko‘tarilib, peshqadam sanaladi. Shuningdek, qit’ada top-10likdan Eron (21), Janubiy Koreya (23), Avstraliya (25), Saudiya Arabistoni (56), Qatar (58), Iroq (63), BAA (64), O‘zbekiston (68) va Ummon (74) joy olgan. E’tiborlisi, milliy jamoamiz OFKga a’zo mamlakatlar orasida FIFA reytingida 5 pog‘ona yuqorilab, Iroq va BAA bilan birga eng katta o‘sishga erishgan jamoa bo‘ldi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston milliy jamoasi oktyabr oyida 73-o‘ringa ko‘tarilib, oxirgi 5 yillikdagi eng yaxshi natijasiga erishgandi. Bungacha vakillarimiz 2018 yil fevral oyida 72-o‘ringa ko‘tarilgan, shundan so‘ng 95, 84, 83, 82, 77-o‘rinlarni egallagandi. Bu safar esa 68-o‘rin bilan so‘nggi 6 yillikdagi eng yaxshi natija zabt etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi oktyabr oyida Xitoyda yig‘in o‘tkazib, Viyetnam (2:0) va Xitoy (2:1) milliy jamoalari ustidan g‘alabaga erishgan bo‘lsa, noyabrda JCh-2026 saralashi doirasida Turkmaniston ustidan g‘alabaga (3:1) erishdi, Eron bilan esa durang (2:2) qayd etdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi – 45-o‘rin bo‘lib, vakillarimiz 2006-2007 yillarda ushbu o‘rinda qayd etilgandi.

Mavzuga oid