«Siti»da yana drama, Feliks «Atletiko»dan o‘ch oldi. Kun o‘yinlari
APLda tur o‘yinida hakamlik mojarosi, «Liverpul» aql bovar qilmas kambek namoyish etdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Tottenhem» «Arsenal»ga yordam berib yubordi
«Manchester Siti» – «Tottenhem» 3:3
Gollar: 0:1 – 6 Son Hyon Min, 1:1 – 9, avtogol Son Hyon Min, 2:1 – 31 Foden, 2:2 – 69 Lo Chelso, 3:2 – 81 Grilish, 3:3 – 90 Kulusevski.
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Gvardiol (Ake, 87), Akanji, Bernardu Silva, Rodri, Foden (Lyuis, 73), Doku (Grilish, 52), Holand, Alvares (Kovachich, 87).
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Devis, Emerson, Udodji, Lo Chelso (Skipp, 79), Bissuma (Risharlison, 87), Kulusevski, Son Hyon Min, Hil (Heyberg, 46), Jonson (Donli, 90).
Ogohlantirishlar: Rodri (34), Udodji (38), Grilish (61), Porro (74), Gvardiol (84), Kulusevski (90), Emerson (90), Holand (90).
Kuchli raqiblarga qarshi ketma-ket o‘ynashiga to‘g‘ri kelayotgan «Siti» «Tottenhem» bilan o‘yinda duranglar seriyasini davom ettirdi. Hafta o‘rtasida «Leypsig»ga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limni 0:2 hisobida boy bergan Gvardiola jamoasi bu safar ham birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordi.
«Siti» dastlabki besh daqiqada «Tottenhem»ni maydonning ikkinchi qismida qamal qilib qo‘ygan va kuchli pressing tufayli mehmonlarga nimadir qilishga imkon bermayotgandi. Burchakdan to‘p o‘yinga kiritilganda londonliklar to‘liq tarkibda jarima maydoni ichida to‘plangandi, ammo sanoqli soniyalarda raqib jarima maydoniga yetib borishdi. Son o‘tkir burchakdan turib zarba berishga qaror qildi va Ederson darvoza markaziga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi.
138 soniya o‘tib Son yana gol urdi, ammo bu safar koreyalik hujumchi jarima zarbasidan keyin o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Bu Sonning «Tottenhem»dagi 387 o‘yinda ilk avtogoli bo‘ldi.
Holandning esa o‘yini chiqmadi. U bir necha qulay vaziyatlardan foydalana olmadi, lekin uning jamoadoshlari vaziyatlar ketidan vaziyat yarataverishdi, bo‘lim o‘rtalarida Foden jamoasini oldinga olib chiqdi – 2:1, Dokuning zarbasi to‘sin va ustun kesishgan joyga bordi, Alvaresning zarbasi – ustunga. «Siti» birinchi bo‘limning o‘zidayoq barchasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo o‘xshamadi – jamoa vaziyatlardan foydalanishda oqsadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Gvardiola maydonda eng faollardan bo‘lib turgan Dokuni maydondan oldi, belgiyalik futbolchi og‘riq sezgani uchun almashtirildi, boshqa tomondan bu almashtirish orqali murabbiy o‘yinni tinchlantirishga, tinimsiz hujum qilmasdan, to‘pni ushlashga ahamiyat qarata boshladi. Maydonga tushgan Grilish esa darhol «Tottenhem» futbolchilari to‘pni o‘yinga kiritmoqchi bo‘lganida, uni tepib yuborgani uchun ogohlantirish oldi. Bu Grilishning APL joriy mavsumidagi beshinchi sariq kartochkasi bo‘ldi. Endi ushbu vinger keyingi turda – ayni vaqtda turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinda kelayotgan «Aston Villa»ga qarshi safarda kechadigan uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Xuddi shu kuni oldinroq beshinchi kartochkani olgan jamoa yetakchisi Rodri kabi.
Birinchi bo‘limda ko‘kka sovurilgan vaziyatlar tanaffusdan so‘ng «Siti»ga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Lo Chelso raqib jarima maydoni yaqinida Sondan to‘pni qabul qilib olib, oldinga bir necha qadam tashladi va to‘sin ostidan aniq zarba yo‘lladi – 2:2! Shundan keyin mehmonlar «Siti»ni jarima maydoni ichiga qamab qo‘ydi, bunaqasi so‘nggi yillarda kuzatilmagandi. Boshqa tomondan, londonliklar o‘ziga haddan tashqari ishonib yubordi va 81-daqiqada Bissuma o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida fint qilishga kirishib, to‘pni yo‘qotdi, Holandning uzatmasidan keyin Grilish bu mavsumdagi ilk golini nishonladi – xuddi g‘alaba golini urgandek.
Ammo «Tottenhem» javob qaytarishga kuch topa oldi. 90-daqiqada Jonson chap qanotdan to‘p oshirib berdi va Kulushevski bosh bilan aniq zarba yo‘lladi. Bu gol o‘yindagi so‘nggisi bo‘lib qoldi. Bosh hakam Saymon Huper «Siti»ni juda qulay vaziyatdan mahrum qilgani uchun ham. Qo‘shimcha daqiqalarda «shporlar» futbolchisi maydon markazida Holandni yiqitdi, ammo norvegiyalik hujumchi o‘rnidan turib, to‘pni oldinga uzatdi, Grilish darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotganida esa hakam o‘yinni to‘xtatib, jarima zarbasi belgiladi.
Holbuki u avvaliga to‘p mezbonlarda qolgani uchun qo‘li bilan o‘yinni davom ettirishga ishora qilgandi.
Katta ehtimol bilan u Grilish ofsaydda qolib ketgan deb hisoblagan va to‘p mezbonlarda qolishi uchun o‘yinni to‘xtatgan. «Siti» futbolchilari esa uni o‘rab olib izoh talab qila boshlashdi.
Hakam keyingi daqiqalarda Skipp jarima maydoni ichida Akanjini ushlab qolganida ham penalti bermay «shaharliklar» futbolchilari e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, Angliya futbol assotsiatsiyasi bosh hakam bilan vaziyatda tajovuzkor harakatlar qilgan Erling Holandga ayblov e’lon qilgan. Futbolchining ijtimoiy tarmoqdagi posti ham e’tibordan chetda qolmagan.
Shu tariqa, «Siti» bu turdan keyin uchinchi o‘ringa quladi va peshqadam «Arsenal»dan uch ochkoga ortda bormoqda.
«Tottenhem» esa qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa-da, «Emireyts»dagi bunday natija londonliklarni xafa qilmagani aniq.
«Bornmut» – «Aston Villa» 2:2
Gollar: 1:0 – 10 Semeno, 1:1 – 20 Beyli, 2:1 – 52 Solanke, 2:2 – 90 Uotkins.
«Bornmut» – Neto, Smit, Senesi, Zabarnyy, Kerkez (Mifem, 83), Kristi, Kuk, Taverne, Klyuyvert (Billing, 70), Solanke, Semeno (Sinisterra, 71).
«Aston Villa» – Martines, Konsa (Kesh, 74), Diyego Karlos, Pau Torres, Din (Moreno, 74), Duglas Luis, Makginn (Duran, 65), Tilemans, Beyli (Diabi, 74), Dzaniolo (Remzi, 46), Uotkins.
Ko‘p yillardan buyon ilk bor Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarga chiqqan «Aston Villa» «Bornmut» maydonida qoqildi. Unai Emeri jamoasi yutqazishi ham mumkin edi va faqat 90-daqiqada Uotkins bosh bilan yo‘llagan aniq zarba evaziga durangga erishdi. Ushbu forvardning birminghemliklar natijalaridagi hissasi ulkan — u bu mavsumda 8 gol urib, 6 golga uzatma bergan. Keyingi turlarda «Villa Park»da «Manchester Siti» va «Arsenal» mehmon bo‘ladi. Shu turlarda jamoa haqiqiy sinovdan o‘tadi. E’tiborlisi, «kanonirlar» ushbu jamoa maydonida ochko ololgan so‘nggi jamoa bo‘lib turibdi. 18 fevral kungi o‘yinda Arteta shogirdlari 0:2 hisobidan chiqib ketib, so‘nggi daqiqalarda hisobni 4:2 ko‘rinishiga keltirgandi, shundan keyin «Villa» uy uchrashuvlarida 13 g‘alabadan iborat seriya qayd etdi.
«Liverpul» – «Fulhem» 4:3
Gollar: 1:0 – 20, avtogol Leno, 1:1 – 24 Uilson, 2:1 – 38 Mak Allister, 2:2 – 45 Tete, 2:3 – 80 Dekordova-Rid, 3:3 – 87 Endo, 4:3 – 88 Aleksander-Arnold.
«Liverpul» – Kelleher, Aleksander-Arnold, Matip (Konate, 69), van Deyk, Tsimikas, Soboslai (Gakpo, 64), Mak Allister (Gomes, 65), Gravenberh (Endo, 83), Saloh, Dias, Nunes.
«Fulhem» – Leno, Tete (Kastan, 75), Rim, Bassi, Robinson, Rid, Uilson (Kerni, 62), Pereyra (Villian, 62), Palinya, Vinisius, Ivobi (Dekordova-Rid, 75), Himenes.
Bu turdagi ochko yo‘qotishdan keyin «Villa» «Liverpul»ni oldinroqqa o‘tkazib yubordi. Qizillar Yurgen Klopp davrida o‘z irodasi bilan ajralib turadi, ammo «Fulhem» bilan o‘yinning alohidaligi bor. Kamida statistika nuqtayi nazaridan, chunki mersisaydliklar bunga qadar 80-daqiqadan keyin raqib hisobda oldinga chiqib olishiga yo‘l qo‘yganida hech qachon kambek qayd etmagandi. Qolaversa, o‘yin oxirida Saloh bir necha metr masofadan turib qaytgan to‘pga aniq zarba bera olmagandi.
Ammo u qatorasiga o‘n oltinchi o‘yinda ham «Enfild»ni golli harakatsiz tark etmadi. 89-daqiqada Nunes tashlab bergan to‘pni u jarima maydoni tashqarisidan darvozaning yuqori burchagini nishonga olishga chog‘langan Vataru Endoga tashlab berdi va yaponiyalik yarimhimoyachi jamoadagi debyut golini urdi. Bosimni davom ettirgan «Liverpul» raqibni taslim etdi va birinchi bo‘limda jarima zarbasini ijro etib o‘yinda hisob ochilishiga sabab bo‘lgan Aleksandr-Arnold yakuniy natijani ham o‘rnatdi: qizillar bu mavsumda «Enfild»dagi barcha 11 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan.
«Chelsi» – «Brayton» 3:2
Gollar: 1:0 – 17 Fernandes, 2:0 – 21 Koluill, 2:1 – 43 Buonanotte, 3:1 – 65, penalti Fernandes, 3:2 – 90 Joao Pedro.
«Chelsi» – Sanches, Disasi, Tiago Silva, Badyashil, Koluill, Gallaher, Mudrik (Broya, 81), Fernandes, Kaysedo, Sterling (Palmer, 66), Jyekson (Matsen, 72).
«Brayton» – Stil, Veltman, Igor Julio (Beyker-Boaytey, 84), van Hekke, Xinshelvud (Milner, 57), Lallana (Joao Pedro, 57), Gilmor, Buonanotte (Mitoma, 57), Baleba (Gross, 57), Adengra, Fergyuson.
Chetlatish: Gallaher (45, «Ch»).
«Chelsi» o‘z muxlislariga bayram arafasida sovg‘a taqdim etishning uddasidan chiqdi. Jamoa chempionat doirasida «Stemford Brij»da o‘tgan o‘yinlarda 25 avgustdan buyon ilk bor (kalendar yili boshidan buyon atigi to‘rtinchisi) g‘alaba qozondi. Bunga Enso Fernandesning APLdagi dastlabki gollari evaziga erishildi. Bungacha ushbu jahon chempioni faqat liga kubogida to‘rtinchi divizion vakili «Uimbldon» darvozasini ishg‘ol etgandi. Yakshanba kuni u Badiashilning murakkab vaziyatda turib uzatgan pasini boshi bilan darvoza to‘riga yo‘lladi, ikkinchi bo‘limda esa penaltini aniq ijro etdi. Ko‘klar birinchi bo‘lim oxirida Gallaher ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etishi tufayli kamchilik bo‘lib qolganiga qaramay, g‘alabani saqlab qolishdi.
Ispaniya: «Atletiko»ni bo‘ysundirgan Xavi
«Barselona» – «Atletiko» 1:0
Gol: 1:0 – 28 Joau Feliks.
«Barselona» – Penya, Kunde, Kristensen, Arauxo, Joau Kanselu, Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri (Lopes, 89), Rafinya (Yamal, 77), Joau Feliks (Ferran Torres, 77), Levandovski.
«Atletiko» – Oblak, Molina (Aspilikueta, 46), Ximenes (Lino, 46), Ermoso, Vitsel, Rikelme (Korrea, 46), Koke (Saul, 66), De Paul, Liorente, Grizmann, Morata (Depay, 65).
Ogohlantirishlar: Ximenes (31), Vitsel (34), Koke (38), Aspilikueta (47), Joau Feliks (50), Ferran Torres (78), Arauxo (79), Xavi (82), Joau Kanselu (87), de Yong (90).
«Barselona»da «Atletiko» bilan o‘yinlarda muammo bor edi va Xavi Kataloniya poytaxtiga bosh murabbiy sifatida qaytganidan keyin bunga barham berildi. G‘alabasiz to‘rt o‘yin ortidan (=2-2) ko‘k-anorranglilar qatorasiga uch o‘yinda zafar quchishdi. Va bu safar ham, ketma-ket jarohatlar va shu tufayli o‘yinda muammolar yuza kelgan sharoitda ham «Barsa» kuchli start namoyish etdi. Rafinya ilk hujumdayoq qulay pozitsiyaga chiqib zarba berdi va bu o‘yin kimning diktovkasi ostida kechishini anglatib turardi.
Lekin hujum chizig‘i vakillari, ayniqsa Levandovski yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalana olmadi. Bunday vaziyatda esa o‘yinda o‘ziga xos syujyet talab etilardi va buni chempionatda sentabr oyi o‘rtalaridan buyon gol urmagan Joau Feliks yuzaga keltirdi. «Atletiko»ni mojaro bilan tark etgan va o‘zini ijaraga berishga majbur qilgan portugaliyalik Molinadan osonlik bilan qochib ketdi va Oblakni dog‘da qoldirdi. Keyin esa o‘z golini Messining uslubini takrorlagan holda nishonladi. Holbuki o‘yin arafasida madridliklar prezidenti Enrike Sereso u haqda iliq so‘zlar aytib, uni Yevropaning eng kuchli futbolchilaridan biri deb atagan va gol urgan taqdirda nishonlamasligiga umid bildirgandi. Lekin katta ehtimol bilan Feliks Madridga qaytishiga to‘g‘ri kelmaydi, «Barsa» uning o‘yinidan mamnun va mavsum oxirida uni to‘liq o‘z futbolchisiga aylantirmoqchi.
Mehmonlar faqat o‘yin oxirida Inyaki Penyani seyvlar ijro etishga majbur qila olishdi, undan oldinroq esa Levandovski o‘yindagi intrigaga barham berish uchun yana bir qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqargandi.
So‘nggi vaqtlardagi eng yaxshi futbolini namoyish etish orqali «Barsa» uchinchi o‘ringa ko‘tarildi va «Real» hamda «Jirona»ni quvishda davom etdi. Bir haftadan keyin ko‘k-anorranglilar ikkinchi o‘ringa yaqinlashib olishi mumkin, ammo «Jirona» bu safargi Kataloniya derbisiga o‘zgacha holatda bormoqda.
Italiya: Mourinio — yakunlar qiroli
«Sassuolo» – «Roma» 1:2
Gollar: 1:0 – 25 Mateus Enrike, 1:1 – 76, penalti Dibala, 1:2 – 82 Kristensen.
«Sassuolo» – Konsili, Tolyan, Erlich, Ruan, Vinya (Pedersen, 90), Boloka, Mateus Enrike, Torstvedt (Bayrami, 81), Berardi (Kastilexo, 89), Loryante (Rachich, 65), Pinamonti (Defrel, 81).
«Roma» – Ruy Patrisiu, Karsdorp (Kristensen, 46), Liorente, Manchini (Pellegrini, 67), Ndika, Spinatssola (Al-Sha’roviy, 67), Paredes, Kristante, Bove (Ozmun, 46), Dibala (Chelik, 87), Lukaku.
Chetlatish: Boloka (63).
Bu turdagi o‘yinlari oldinroq bo‘lib o‘tgan «Fiorentina» va «Bolonya»ni oldinga o‘tkazib yuborgan rimliklar «Sassuolo»ga qarshi safar o‘yinining birinchi bo‘limidan keyin yutqazayotgandi, ammo tanaffusdan keyin jamoa mezbonlar safidagi chetlatishdan maksimum natija chiqarib oldi. Joze Mourinio jamoasi navbatdagi marta o‘yinning yakuniy qismida natijaga erishish mahoratini namoyish etdi. Agar o‘yinlarning so‘nggi chorak qismi olinadigan bo‘lsa, «bo‘rilar» bu oralida 15 gol urishgan. Bu A seriyada ikkinchi natijadan beshtaga yaxshiroq. Yakshanba oqshmoi qahramonlari Dibala va Kristensen bo‘lishdi. Avvaliga zaxiradan tushgan daniyalik himoyachi argentinalikning uzatmasidan keyin penalti ishladi. Keyin ushbu juftlik g‘alaba goli urilgan hujumni uyushtirdi va darvozabon rikoshet tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. «Roma» omad evaziga bo‘lsa ham beshinchi o‘ringa qaytishni uddaladi.
«Napoli» – «Inter» 0:3
Gollar: 0:1 – 44 Chalxono‘g‘li, 0:2 – 61 Barella, 0:3 – 85 Tyuram.
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Rraxmani, Estigor, Natan (Dzerbin, 87), Lobotka (Zelinski, 75), Zambo-Angissa, Elmaz (Lindstrem, 75), Politano (Raspadori, 68), Kvaratsxeliya, Osimhen.
«Inter» – Zommer, Dumfris (Kuadrado, 77), Darmian (Bissek, 86), de Vrey (Karlos Augusto, 18), Acherbi, Dimarko, Mxitaryan (Frattezi, 77), Chalxono‘g‘li, Barella, Tyuram (Arnautovich, 86), Martines.
«Napoli» va «Inter» ajoyib o‘yin o‘tkazishdi, bunda alohida epizodlarning qiymati yuqori edi. Birinchi bo‘limda neradzurrilar faolroq bo‘lishdi, Dyumfris, Barella va Chalxono‘g‘li ishtirokidagi golli kombinatsiyagacha Tyuram ham hisobni ochgan, ammo gol ofsayd tufayli bekor qilingan, Lautaro Martinesning xavfli zarbasini esa Meret qaytarib qolgandi.
«Napoli»ning tanaffusgacha eng xavfli vaziyatini esa Kvaratsxeliya tashkillashtirdi, u to‘pni egallab olib hujum boshladi, uning yakunida Politanoning zarbasi to‘singa tegdi. Ikkinchi bo‘limda esa Zommer Xvichining hujumini to‘xtatdi va darhol mehmonlar vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha saboq o‘tib berishdi. Oddiy xato, Lautaroning oldinga uzatgan pasi va oqshom qahramoni Barella darvoza tomon yo‘lida himoyachilarni mashg‘ulot manikenlari holatida qoldirib aldab o‘tdi. Bu vaqtga kelib o‘yinda hisob 2:2 yoki 2:3 ko‘rinishiga kelishi ham mumkin edi, ammo tabloda 0:2 hisobi yonib turardi.
Amalda «Inter» yakuniy 3:0 dan ko‘ra yirikroq hisobda g‘alabaga erishishi ham mumkin edi. Simone Indzagi top-5 ligalarda safar o‘yinlarida eng ko‘p ochko jamg‘argan jamoa bo‘lib qolmoqda. Olti g‘alaba va faqat ikki o‘tkazilgan gol — bu chempionlar grafigi. «Napoli»dagi muammolarni esa murabbiyning almashtirilishi hal qila olmaydi. Mavsumdagi yetti uy uchrashuvidan to‘rttasida mag‘lub bo‘lindi — bu janubliklar tarixidagi eng yomon natijaning takrorlanishidir.
Germaniya: «Bayyer»ni Dortmund to‘xtatdi
«Bayyer» – «Borussiya» D 1:1
Gollar: 0:1 – 5 Ryuerson, 1:1 – 79 Bonifase.
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong, Ta, Tapsoba, Kossunu, Grimaldo, Chaka, Hofmann (Adli, 64), Palasios (Shik, 79), Virts, Bonifase.
«Borussiya» D – Kobel, Hummels, Shlotterbek (Papadopulos, 64), Ryuerson, Roys (Mene, 84), Zabitser, Jan, Brandt, Volf, Bayno-Gittens (Adeyyemi, 64), Fyullkrug.
Bahorda faqat o‘z ahmoqligi tufayli finishda chempionlik titulini boy bergan jamoa bu mavsumda «Bavariya»ning asosiy raqobatchisiga aylangan jamoaga qarshi o‘ynadi. Bundesligada turning markaziy uchrashuvi turnir jadvali peshqadami «Bayyer» kutilmaganda gol o‘tkazib yuborishi bilan boshlandi. Barchasi Fyullkrugning sa’y-harakatlari evaziga bo‘ldi, u darvozaga orqa turgan holda shvedka usulida pas berib, Ryuyersonni to‘p bilan ta’minladi.
Ammo «Borussiya» o‘yinning katta qismini himoyada o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Va faqat Bonifasedagi ofsayd tufayli birinchi bo‘lim tanaffusi arafasida Virsning chiroyli goli bekor qilindi. Qolgan epizodlarda esa yoki leverkuzenliklar aniq zarba bera olmadi, yoki «asalarilar» himoyachilari mardonavor o‘ynashdi, ular orasida 13 marta to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirgan Hummels ham bor. Bir safar u darvozabon hududidan yo‘llangan zarbani to‘sib qoldi.
Habi Alonso maydonga Shikni tushirish orqali maqsadga erisha oldi. Yetti oy davomida jarohatini davolatgan chexiyalik hujumchi hozircha faqat o‘yin oxirida tushirilmoqda, ammo samaradorlik ko‘rsatmoqda. Payshanba kuni u Yevropa ligasida gol urgandi, bu safar esa Bonifaseni golli pas bilan ta’minladi. Shu tariqa, o‘yin mantiqiy yakunga ega bo‘ldi. «Bayyer» mavsumda ikkinchi bor ochko yo‘qotganiga qaramay, golga haqli o‘yin namoyish etgandi.
Kun statistikasi
- «Tottenhem» hujumchisi Kulushevski APLda amaldagi chempionga qarshi safar o‘yinlarida qatorasiga uch mavsumda gol urgan 3-futbolchiga aylandi.
- «Vilyarreal» hujumchisi Morales la liganing so‘nggi to‘rt turida 4 gol urdi, u Marselino Toral «sariq submarinalar» jamoasi boshqaruviga qaytganidan buyon har o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol etmoqda.
- «Benfika» barcha turnirlar doirasida 4 o‘yinda maydonni golsiz tark etdi, jamoa o‘tgan chempionlik mavsumida jami shuncha o‘yinda gol ura olmagandi.
- «PSJ» darvozaboni Arnau Tenasa 7 seyv amalga oshirdi — bu so‘nggi yetti yilda zaxiradan tushgan darvozabonlar uchun eng yaxshi ko‘rsatkich.
- PSV mavsum startidan buyon 14 g‘alabaga erishdi — bu jamoaning 1987/88 yillar mavsumidan buyon eng yaxshi seriyasi. O‘shanda eyndxovenliklar Guus Hiddink boshqaruvida dastlabki 17 o‘yinda g‘alaba qozonib, liga rekordini o‘rnatgan.
- APLning bu mavsumida 140 o‘yinda 31 bor qizil kartochka ko‘rsatildi. Bu o‘tgan mavsum oxirigacha ko‘rsatilganlaridan ko‘proq.
- «Monako» hujumchisi Ben Yyedder liga 1 doirasidagi uy o‘yinlarida 100 gol urdi. Fransiya chempionatida bunday holat ilk bor 1996 yilda kuzatilgandi, o‘shanda grossmeysterlik natijasi marsellik Jan-Piyer Papen tomonidan qayd etilgandi.
- «Fiorentina» 2023 yil boshidan buyon barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarida 102 gol urib, klub rekordini yangiladi.
- «Tottenhem» hujumchisi Son Xin Min «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda 137 soniya ichida ham raqib darvozasini, ham o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi.
Mavzuga oid
13:34
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
23:49 / 08.11.2024