O‘zbekiston | 13:38 / 06.12.2023
23792
2 daqiqa o‘qiladi

Navbat Xorazmga: qurol, giyohvandlik va psixotrop moddalar topildi, 3 kishi qamoqqa olindi

Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘tkazgan tezkor-profilaktik tadbirlarda tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 12 nafar shaxs ushlangan.

Foto: Xorazm viloyat IIB

Xorazm viloyatida ham ichki ishlar organlari tomonidan DXX viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tadbirlar davomida viloyat hududida turli jinoyatlarga aloqador fuqarolar aniqlanib, gumondorlarning yashash uylarida tintuvlar o‘tkazilgan. Jarayonda 4 kg 800 grammdan ortiq og‘irlikdagi giyohvandlik moddalari, 97 dona psixotrop moddalar, 1 ta pnevmatik qurol, 2 ta sovuq qurol (bita va kastet) ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

“Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi, 276-moddasi 2-qismi, 277-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 3 nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi IIB xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, tezkor-profilaktik tadbir davomida tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 12 nafar shaxs ushlangan.

Oldinroq Namanganda tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 35 nafar shaxs ushlangandi.

Mavzuga oid