Navoiyda fermer xo‘jalik dala shiyponida mayning fermasi aniqlandi
5 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llanilib, 436,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning fermadan 2,2 mlrd so‘m mablag‘ undirish belgilangan.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida mayning ferma aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Qiziltepa tumanida o‘tkazilgan ana shunday reyd tadbiri davomida tumanning Yashnaobod mahallasidagi “Xayrullo-Narzullo” fermer xo‘jaligi dala shiyponida 47 dona mayning qurilmasi noqonuniy tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulangani aniqlangan. Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, fermer xo‘jaligi ushbu holatda filial manfaatiga 436,3 mln so‘m zarar yetkazgan. Huquqbuzarga noqonuniy ishlatilgan elektr energiyasi uchun 5 barobar o‘suvchi koeffitsiyent bilan jarima tariqasida 1,8 mlrd so‘m qo‘shimcha hisob-kitob qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil oktyabr oyi oxirida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ham davlatga 24,4 mlrd so‘mlik zarar keltirgan noqonuniy mayning firma aniqlangan hamda ushbu holatni o‘z vaqtida payqamagani uchun tumanning 5 nafar mansabdori ishdan olingandi.